Farg‘onada IIBda ishlashini aytgan erkak xavfli residivist bo‘lib chiqdi

Farg‘onada IIBda ishlashini aytgan erkak xavfli residivist bo‘lib chiqdi

Biror kasb yoki hunarning ustasi haqida eshitganmiz. Ammo firibgarlikning ustamoni ham bor ekan.

Farg‘ona shahrida yashovchi Muhiddin Mahmudov ana shundaylar toifasidan. 31 yoshli bu yigit hayotda birorta ishning etagini tutib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishni o‘rniga odamlarni aldab, chuv tushirish yo‘lini tanladi. Firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun olti marta sudlangan bo‘lsa-da uni “kasallik” aslo tark etmagan ko‘rinadi.

U o‘zini ichki ishlar organlarida ishlovchi xodim sifatida tanishtirib, o‘zgalarning mulkiga ega chiqmoqchi bo‘ldi. M.Mahmudov xavfli residivist bo‘lgani holda 2020 yil oktyabr oyi boshlarida YO.Musayevani uyga muhtoj ekanligidan xabar topadi. Unga Farg‘ona shahar hokimligi tomonidan beriladigan ijozat qog‘ozi (order)ga asosan davlat zaxirasidan ajratiladigan uylardan birini berishni aytib, 8 million 900 ming so‘m miqdoridagi pullarini qo‘lga kiritgan. Yana bir uyga muxtoj bo‘lgan M.Musayeva ham uning va’dalariga uchib, firibgarga 4 million 800 ming so‘m pulni berib yubordi.

Hali bu holvasi ekan. 2020 yil dekabr oyi o‘rtalarida Quvasoy shahar Valik mahallasida yashovchi S.Sobitxonovning uyiga borib, o‘zini Farg‘ona viloyat IIB Terrorizmga qarshi kurashish bo‘limida ishlovchi “Toshmatov Zuhriddin” deb tanishtiradi. Uning oila a’zolari IIB nazoratida ekanligini, ular bilan suhbat o‘tkazishi lozimligini aytib, jarayon davomida S.Sobitxonovga tibbiy yo‘sindagi majburlov chorasi qo‘llanilgan otasi O.Mahmudovni pul evaziga Toshkent shahridagi Chuqursoy ruhiy kasalliklar shifoxonasiga jo‘natmasdan Farg‘ona viloyati ruhiy kasalliklar shifoxonasida olib qolishga ishontirgan. Uni aldab, bo‘lib-bo‘lib 550 AQSh dollari miqdoridagi pullarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Shu bilan birga suhbatlashish jarayonida S.Sobitxonovning opasini vaqtincha ishsiz ekanligini bilib, tanishlari orqali 500 AQSh dollari evaziga Quvasoy shahar “Kvars” aksiyadorlik jamiyatiga ishga kiritib qo‘yishini va’da qiladi. 2020 yil dekabr oyining o‘rtalarida Farg‘ona shahri markazidagi avtoshohbekatda 500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan.

Ko‘za kunda emas kunida sinadi, deganlaridek Muhiddinning bu qilmishlari uzoqqa cho‘zilmadi. Jabrlanuvchilar ishlari bitmaganidan so‘ng ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilishdi. Sudlanuvchi tomonidan yetkazilgan moddiy zarar to‘liq qoplandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi tomonidan mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, M.Mahmudovga tegishli jazo tayinlandi.

Manba: O‘zA


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!