Facebook Avstraliyaga oid yangiliklarni ulashishga qo‘yilgan taqiqni bekor qiladi

Facebook Avstraliyaga oid yangiliklarni ulashishga qo‘yilgan taqiqni bekor qiladi

Facebook va Avstraliya rahbarlari mamlakatda ijtimoiy tarmoqning to‘liq faoliyatini tiklash bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Avstraliyaning moliya vaziri Josh Fraydenberg bergan ma’lumotga tayanib, Reuters xabar berdi.

Avstraliya hukumati Facebook, Google va boshqa platformalar o‘zlarining yangiliklarga oid kontenti uchun OAV saytlariga pul to‘lashi haqida qabul qilinadigan qonunga Facebook’ning faoliyat tartibiga tegishli to‘rtta o‘zgartirish kiritishni taklif qildi. Shartnoma Fraydenberg va Facebook rahbari Mark Sukerberg o‘rtasida o‘tgan hafta oxirida o‘tkazilgan muzokaralardan so‘ng tuzildi.

Avstraliya rasmiyalari qonunga kiritish rejalashtirilgan tuzatishlar, shuningdek, qonun kuchga kirgandan so‘ng raqamli platformalarning ushbu qonunga rioya qilishi kerakligi to‘g‘risida bir oy oldin xabar beradi.

Qarorni qabul qilishda rasmiylar platforma Avstraliya OAV bilan shartnomalar tuzish orqali «Avstraliya yangiliklar sanoatining barqarorligiga katta hissa qo‘shganmi» yoki yo‘qligini hisobga olishi kerak. Bundan tashqari, o‘zgartirishlar davlat tomonidan tayinlangan hakamning aralashuvidan oldin platforma va media-kompaniya o‘rtasida ikki oylik vositachilik muddatini nazarda tutadi.

Facebook’ning yangiliklar tashkilotlari bilan aloqalar bo‘yicha vise-prezidenti Kempbell Braunning aytishicha, kompaniya bir necha kun ichida Avstraliyaga oid yangiliklar tarkibini tiklaydi.

Eslatib o‘tamiz, 18 fevral kuni Facebook ijtimoiy tarmog‘i avstraliyalik foydalanuvchilar va ommaviy axborot vositalarini tarmoqda mahalliy va xalqaro yangiliklarni ulashish imkoniyatidan mahrum qilgan edi. Bunga qabul qilinishi kutilayotgan qonun sababchi bo‘lgan, unga ko‘ra, yangiliklar ulashilgan taqdirda Facebook, Google va boshqa platformalar o‘z kontentlari uchun OAVga pul to‘lashi kerak.

Avstraliyada platformalarga media-kontent uchun OAVga pul to‘lash majburiyatini yuklaydigan qonun tez orada qabul qilinishi kutilmoqda.

Avvalroq Facebook ijtimoiy tarmog‘i siyosiy reklama taqiqlangani sababli koronavirusga qarshi emlashning afzalliklari to‘g‘risidagi pullik postlarni bloklayotgani haqida xabar berilgandi. Xabarga ko‘ra, ijtimoiy tarmoq algoritmlari emlash markazlari, shuningdek, vaksinaning ta’sir mexanizmlari to‘g‘risidagi pullik postlarni tarmoqdan olib tashlaydi. Bunday postlar kamida 110 ta guruhda bloklangan — mazkur holat algoritmlarning bu kabi reklamalarni siyosiy deb hisoblashi bilan bog‘liq.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!