Evropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini rekord darajada kengaytirmoqchi
Evropa Ittifoqi (EI) mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari bugun Rossiyaning harbiy-sanoat majmuasi bilan bog‘liq 1 646 ta jismoniy va yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalarni tasdiqlashni rejalashtirmoqda. Bu Rossiyaning Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan buyon sanksiyalar ro‘yxatining bir vaqtning o‘zida eng yirik kengaytirilishi bo‘ladi.
Cheklovlar, asosan, raketalar, uchuvchisiz uchish apparatlari, dvigatellar va boshqa harbiy mahsulotlar ishlab chiqarish bilan bog‘liq korxona va tuzilmalarga qaratilgan.
Shuningdek, Ukraina hududlarida Rossiya Davlat dumasi saylovlarini o‘tkazishda ishtirok etgan 77 nafar rossiyalik siyosatchiga qarshi ham alohida sanksiyalar joriy etish rejalashtirilmoqda.
Avvalroq Yevropa Ittifoqi Qrim, Sevastopol, shuningdek, Ukrainaning Donesk, Lugansk, Zaporojye va Xerson viloyatlarining Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarida o‘tkazilgan saylovlarni hamda ularning natijalarini tan olmasligini bildirgan edi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Iogann Vadeful ushbu choralarni Rossiya harbiy iqtisodiyotiga qarshi «misli ko‘rilmagan sanksion zarba» deb atadi.
«Shu orqali biz Putinning noqonuniy bosqinchilik urushini davom ettirishini va Ukraina tinch aholisini halokatli terror orqali sindirishga qaratilgan shafqatsiz urinishlarini qiyinlashtiramiz», — dedi u.
Vadefulning ta’kidlashicha, Moskva tinchlik bo‘yicha jiddiy muzokaralarga tayyor bo‘lmaguncha, Rossiyaga nisbatan bosim kuchaytirib boriladi.
