Evrokomissiya Trampga Yevropadagi Rossiya gazini Amerika gaziga almashtirishni taklif qildi
Evrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatda Rossiyadan suyultirilgan tabiiy gaz (STG) yetkazib berishni arzonroq Amerika gaziga almashtirishni taklif qildi.
“Biz hali ham Rossiyadan juda ko‘p STG import qilamiz. Nega uni biz uchun arzonroq va energiya narxini pasaytiradigan Amerika gazi bilan almashtirib bo‘lmas ekan?”, deya fon der Lyayen o‘z pozisiyasini izohlagan.
U, shuningdek, Tramp prezident lavozimiga kirishgach, Yevropa ittifoqi AQSh bilan savdo hamkorligini kengaytirish va umumiy manfaatlarni izlashga intilishini ta’kidlagan.
EIda energetika bo‘yicha hamkorlikni tartibga soluvchi ACER agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning birinchi yarmida Yevropa ittifoqi importidagi Rossiya STG ulushi bir yil avvalgi 14 foizdan 20 foizga oshgan. Shu bilan birga, Amerika STG doimiy ravishda importning taxminan 45 foizini tashkil qiladi.
Politico nashrining xabar berishicha, rejalashtirilayotgan 15-sanksiyalar paketida Bryussel Yevropa ittifoqi davlatlarining Rossiyadan STG sotib olish imkoniyatini yanada cheklashni rejalashtirmoqda. 2025 yilda kuchga kiradigan avvalgi paket allaqachon Rossiya STGni YEI hududi orqali uchinchi davlatlarga reeksport qilish bo‘yicha har qanday operasiyalarni taqiqlashni joriy qilgan.
2023 yil sentyabrdan 2024 yil sentyabrgacha bo‘lgan davrda Rossiyadan STGning eng yirik xaridori Belgiyaning Zebryugge porti bo‘lgan: Krler ma’lumotlariga ko‘ra, import 5,2 million tonnani tashkil etdi. Xaridor davlatlardan esa, bu yil Fransiya birinchi o‘rinni egallagan, uning ikkita porti 2024 yil boshidan buyon 4,3 million tonna yuk qabul qilib, o‘tgan yil oxirida mos ravishda 1 va 2-o‘rinlarni egallagan Ispaniya va Belgiyani ortda qoldirgan.