Eron Marko Rubio bilan tarixiy bahsga kirishdi
Eron rasmiylari AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bilan tarix masalasida bilvosita bahsga kirishdi. Bunga Rubioning Gresiyadagi chiqishi sabab bo‘ldi. U o‘z nutqida G‘arb uzoq davom etgan uyqudan uyg‘onib, ming yillar avval Qadimgi Yunonistonda yoqilgan olovni yana alangalatishi mumkinligini aytgan.
Rubio grek-fors urushlarini yodga olib, Axamoniylar podshohi Kserksning son jihatdan ustun qo‘shiniga qarshi jang qilgan afinaliklarning jasoratini yuqori baholadi. Biroq uning 300 spartalikni Alamoni himoya qilgan amerikalik askarlarga qiyoslashi Eronda keskin norozilik uyg‘otdi.
AQSh Davlat kotibi o‘z nutqida G‘arb qahramonlari eng og‘ir vaziyatlarda ham burchiga sodiq qoladigan insonlar ekanini ta’kidladi. U bunday jasoratni o‘limni ulug‘lashdan farqlash kerakligini aytib, Eronning radikal mullalarini bola-o‘zini qurbon qiluvchilarni milliy qahramon sifatida ko‘rsatishda aybladi.
Eron parlamenti spikeri Muhammad Boqir Qolibof esa tarix davomida eronliklar o‘zini butun dunyoning hukmdori deb bilgan va qadimiy sivilizasiyalarni yo‘q qilishga intilgan kuchlarga qarshi kurashib kelganini bildirdi.
Uning ta’kidlashicha, o‘zini Iskandar Zulqarnaynga qiyoslaydigan har qanday shaxs ham Rim imperatori Valerian taqdirini boshdan kechirishi mumkin. Valerian milodiy III asrda Sosoniylar hukmdori Shopur I tomonidan mag‘lub etilgan va asirga olingan edi.
Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi kotibi, general-mayor Muhsin Rizoiy ham Rubioning bayonotlariga munosabat bildirdi. Uning aytishicha, Erondan mag‘lubiyatga uchragani va tahqirlangani haqidagi tasavvurdan kelib chiqib, «sivilizasiyalar to‘qnashuvi» g‘oyasini ilgari surayotganlar Valerianning tarixini yodda tutishi kerak.
«Tarixga murojaat qilgan inson uning takrorlanishiga ham tayyor bo‘lishi lozim», — deya ogohlantirdi Rizoiy.
Eron oliy rahbari xalqaro masalalar bo‘yicha maslahatchisi Ali Akbar Viloyatӣ esa Rubio nutqidagi ziddiyatga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, G‘arb manfaatlariga mos kelganda «so‘nggi insongacha qarshilik ko‘rsatish» qahramonlik sifatida talqin qilinadi, ammo Eron xalqining qarshiligi «o‘limga sig‘inish» deb qoralanadi.
Viloyatӣ bunday yondashuvni sivilizasiya belgisi emas, balki hukmronlikni oqlashga xizmat qiluvchi soxta mantiq deb atadi. Uning ta’kidlashicha, Vashingtonning bahsi faqat Islom inqilobi bilan emas, balki kuchli va mustaqil Eron sivilizasiyasi bilan ham bog‘liq.
Eronlik siyosatchi Xirosima, Vyetnam, Iroq va Afg‘onistondagi fojialar uchun mas’ul bo‘lgan kuchlar boshqalarga axloqiy nasihat qilishga haqli emasligini ham bildirdi.
Eron parlamentining Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat qo‘mitasi raisi Ebrohim Aziziy ham AQShni tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, mahalliy xalqlarni ommaviy qirib tashlash bilan boshlangan va mustamlakachilik siyosati hamda qon to‘kishni davom ettirgan millat Axamoniylar davlatini jinoyatlarda ayblamoqda.
Aziziy bu o‘rinda Eron tomoni birinchi inson huquqlari xartiyasi deb hisoblaydigan, Kir II farmonini nazarda tutdi. Ushbu hujjatda imperiya aholisiga e’tiqod erkinligi berilgani ta’kidlanadi.
«Sizning yovuz tabiatingiz Eron va eron xalqiga nisbatan chuqur ildiz otgan dushmanlikni yashirib turibdi», — dedi Aziziy.
Eron Tashqi ishlar vazirligi ham Rubioning bayonotlariga rasman munosabat bildirdi. Vazirlik rasmiy vakili Esmoil Bag‘oiy AQSh Davlat kotibini Amerika qudrati va harbiylashuv siyosatini oqlash maqsadida Qadimgi Yunoniston tarixini buzib talqin qilishda aybladi.
