«Eng ilg‘or jangchi – 2025»: O‘zbekiston harbiylari AQShda rekord natijalar bilan g‘alabani qo‘lga kiritdi

O‘zbekiston Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari kichik serjant Alishox Abdullayev va III-darajali serjant Shohrux Jovqashev 17–20 mart kunlari Missisipi shtati «Camp Shelby» harbiy-o‘quv bazasida bo‘lib o‘tgan «Eng ilg‘or jangchi–2025» musobaqasida ishtirok etdi.
Mudofaa vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, xalqaro harbiy hamkorlik aloqalarini mustahkamlash va maxsus bo‘linmalarda xizmat qilish nufuzini oshirish kabi maqsadlarda tashkil etilgan musobaqada o‘zbekistonlik harbiylar AQSh Milliy gvardiyasi Maxsus bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bilan kuch sinashgan.
«Musobaqa davomida harbiy xizmatchilarimiz yakka tarkibda jismoniy tayyorgarlik sinovlari (6 ta mashqni o‘z ichiga olgan Fitnes test), jismoniy va ruhiy zo‘riqish yo‘lagidan o‘tish, tunda 15 kilometr masofaga oriyentrlash, 15 kilogramm yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish, jangovar va umumiy tayyorgarlik bo‘yicha test sinovlari, insho yozish (harbiy hamkorlik mavzusida 500 tadan kam bo‘lmagan so‘z), artilleriya olovini boshqarish, AQSh namunasidagi o‘qotar qurollarni noto‘liq qismlarga yoyish, yig‘ish va jangovar holatga keltirish, shuningdek, ulardan turli usul va sharoitlarda o‘q otish, tibbiy tayyorgarlik, ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish, kutilmagan (syurpriz) mashqlar kabi shartlarni muvaffaqiyatli bajardi», — deyiladi vazirlik axborotida.
Jumladan, o‘zbekistonlik harbiylar jamoaviy bahs — 15 kilogramm yuk bilan 20 kilometr masofaga marsh yugurish shartini 1 soat 50 daqiqa ichida bajardi. Shuningdek, yakka tartibdagi bahslarda III-darajali serjant Jovqashev Shohrux 3 kilometr 219 metr masofani 11 minut 18 soniyada bosib o‘tgan bo‘lsa, kichik serjant Abdullayev Alishox 250 metr masofaga yugurish davomida majmuaviy mashqlarni 1 daqiqa 18 soniyada bajarib, 5 kilogramm og‘irlikdagi koptokni 12,3 metr masofaga uloqtirdi. Vazirlikka ko‘ra, mazkur shartlarning barchasida harbiy xizmatchilar musobaqa rekordini yangilagan.
Yakunda o‘zbekistonlik harbiy xizmatchilar musobaqaning maxsus sovrini bilan taqdirlandi.