Elektromobil stansiyalarining tarmoqdan uzilganiga izoh berildi
O‘zbekistonda elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari uchun alohida tariflar joriy etish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda kecha, 2 yanvar kuni Energetika vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, iste’mol ko‘p bo‘ladigan ertalabki soat 6:00 dan 10:00 gacha hamda kechki soat 17:00 dan 22:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida zaryadlash stansiyalari uchun nisbatan oshirilgan tarif, tungi vaqtda esa 50 foizgacha arzonlashtirilgan tarif qo‘llanishi mo‘ljallanmoqda.
Tig‘iz vaqtlarda tarif necha foizgacha oshirilishiga aniqlik kiritilmagan. Vazirlik e’lon qilgan videolavhada, vazir o‘rinbosari Umid Mamadaminov elektromobillarni zaryadlash stansiyalari elektrdan uzib qo‘yilgani bo‘yicha to‘xtalgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dekabr oyining o‘rtalarida tegishli idoralar o‘tkazgan reydda subiste’molchilar faoliyati belgilangan talablarga qanchalik mosligi o‘rganilgan.
“O‘rganish yakunlariga ko‘ra, shu kunning o‘zida bir qancha stansiyalar o‘chirilgan. Energetika vazirligining aralashuvidan so‘ng, faoliyatida kamchilikka yo‘l qo‘ymagan stansiyalar tarmoqqa qayta ulangan. Faqat texnik shartlar va boshqa majburiyatlarga doir muammolarga ega bo‘lgan 11 dona stansiyaga hujjatlar bilan bog‘liq masalalarni hal qilib olgunga qadar qonunchilikda belgilangan oraliqda muddat belgilangan. Ayni paytgacha ular ham tarmoqqa ulangan bo‘lib, bugun Toshkent shahrida o‘chirilgan bironta ham quvvantirish stansiyasi yo‘q”, degan u.
Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, subabonent sifatida elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini o‘z hududiga ulagan barcha tadbirkorlik sub’ektlari hududiy elektr tarmoqlari filiallariga murojaat qilgan holda, o‘zlarining texnik shartlarini o‘zgartirishlari va yangi quvvatlarni belgilab olishi kerak.
Ta’kidlanishicha, respublikda 1000 ga yaqin, Toshkent shahrida esa 500 dan ziyod quvvatlantirish stansiyalari ishlab turgan bo‘lsa, ularning atigi 103 tasi texnik shartlarga ega. 2024 yil 1 noyabrigacha O‘zbekistonga 5417 ta quvvatlantirish stansiyasi olib kirilgan va shu yilning o‘zida ana shuncha texnik shart olinishi kerak bo‘lgan.
“Bu holatda esa hududlarda yuklamaning ortishi, kuchlanishning pasayishi va boshqa iste’molchilarga elektr energiyasini yetkazib berishda uzilishlar yuzaga kelishi hech gap emas”, deydi vazir o‘rinbosari.