Ekologiya qo‘mitasi so‘nggi kunlardagi havo ifloslanishi yuzasidan bayonot berdi
So‘nggi kunlarda mamlakatimizda harorat inversiyasi bilan bog‘liq noqulay meteorologik sharoitlar oqibatida havo sifatining pasayishi kuzatilmoqda. Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov mazkur holat yuzasidan ma’lumot berdi.
Kunduzgi va kechki havo haroratining ayrim hollarda 14 gradusgacha keskin farq qilishi, tuman tushishi, shamol tezligining pasayishi ifloslantiruvchi moddalarning atmosfera havosida tarqalishini qiyinlashtirmoqda.
Ta’kidlash joizki, Maxsus komissiya o‘z faoliyatini to‘xtatgani yo‘q, ekologik holat yuzasidan aholiga muntazam axborot berish bilan birga tegishli tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirmoqda. Bugungi kunda Maxsus komissiya e’tibori sanoat va xo‘jalik sub’ektlarida ekologik reydlar va nazorat tadbirlariga qaratilgan. Noqulay ob-havo sharoitida atmosfera havosiga antropogen (ya’ni inson faoliyati) yuklamani kamaytirish uchun korxonalar quvvatlari cheklanmoqda va ayrimlarining faoliyati to‘xtatilmoqda.
Xususan, 1–7 yanvar kunlari Toshkent shahridagi 12 ta va Toshkent viloyatidagi 22 ta ishlab chiqarish korxonasida tekshiruvlar o‘tkazildi va ta’sirchan choralar ko‘rildi. Atmosfera havosini ifloslantirgan o‘nlab avtotransport vositalariga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llanildi.
Shu bilan birga, profilaktik choralar ham amalga oshirilmoqda: tashlama manbalari ustidan monitoring kuchaytirildi, atmosfera havosi sifati tezkor baholab borilmoqda.
Mutaxassislarning tahlillariga ko‘ra, noqulay meteorologik sharoitlar 16–17 yanvar sanasiga qadar saqlanishi kutilmoqda. Antisiklonlar kelishi natijasida yog‘ingarchilik kuzatilishi va shamol tezligi oshishi bilan atmosfera havosi sifati normallashuvi kutilmoqda.
Harorat inversiyasi qisqa muddatli va oldindan prognoz qilinadigan meteorologik hodisa bo‘lib, bu davrda davlat tashkilotlari kuchaytirilgan rejimda ish olib boradi va ifloslanishni yumshatish uchun sinovdan o‘tgan chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Maxsus komissiya tomonidan ekologik reydlar va monitoring tadbirlari inversiya yakunlangach ham davom ettiriladi. Ko‘rilayotgan barcha choralar yuzaga kelgan xavflarni minimallashtirish hamda aholining ekologik xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan.
Barcha chora-tadbirlar ilmiy asoslangan tavsiyalarga qat’iy rioya qilgan holda amalga oshirib kelinmoqda.
