DXX tomonidan katta miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi

DXX tomonidan katta miqdordagi narkotik moddalar musodara qilindi

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan Paxtachi tumanidagi “Samarqand muntazam” YPX maskanida “Spark” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada, avtomashinada Urgut va Oqdaryo tumanlarida yashovchi, 1991 y.t. 2 nafar fuqaro ketayotganligi ma’lum bo‘lib, ularning yonida 10 kg “opiy” giyohvand moddasi borligi aniqlandi va o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirib olindi.

Ular Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yo‘li bilan olib kelingan ushbu ajal og‘usini Xorazm viloyatida sotishni rejalashtirishgan.

Surxondaryo viloyatida kuzatilgan holatda esa Termiz tumanida yashovchi, 1983 va 1986 yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro 2 kg. 60 gr “opiy” moddasini 40 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida DXX xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.

Shuningdek, ular Tojikiston Respublikasidan keltirilgan ushbu giyohvandlik vositasini Termiz shahrida istiqomat qiluvchi, 1989 y.t. fuqarodan 28 ming AQSh dollariga sotib olganliklari aniqlanib, u ham ushlandi.

DXX Sirdaryo viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Bekobod-Guliston” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtomashina Boyovut tumanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Tojikiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan, 1964 y.t. shaxs yonida 1 kg “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. Aniqlanishicha, u mazkur narkotikni Qozog‘iston Respublikasiga o‘tkazishni rejalashtirgan.

Farg‘ona shahrida yashovchi, 1988 y.t. Tojikiston Respublikasi fuqarosi esa o‘zining shar’iy nikohidagi turmush o‘rtog‘i bo‘lgan, 1992 y.t. ayol bilan Surxondaryo viloyatining Denov tumaniga borib, Tojikiston Respublikasidagi narkosavdogardan 11 ming AQSh dollariga sotib olingan 976 gr. “opiy” va 994 gr. “gashish” giyohvand moddalarini kontrabanda yo‘li bilan mamlakatimiz hududiga o‘tkazadi. So‘ngra ular narkotik moddalarni olib qaytayotgan vaqtlarida Marg‘ilon shahrida DXX Farg‘ona viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlandi.

Boshqa holatda esa Yozyovon tumanidan Marg‘ilon shahri tomon harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1979 va 1983 yillarda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar fuqaroning yonida Qirg‘iziston Respublikasidan olib kelingan 698 gr. “opiy” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

DXX Toshkent viloyati bo‘yicha Boshqarmasi hamda viloyat bojxona Boshqarmasi xodimlari tomonidan Bekobod shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Tojikiston Respublikasi So‘g‘d viloyati Mastchoh tumanida yashovchi, 1977 y.t. shaxs 1 kg 961 gr “gashish” moddasini shartli xaridorga sotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Bu yo‘nalishda DXX Namangan viloyati bo‘yicha Boshqarmasi xodimlari tomonidan ham viloyat bojxona boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Yangiqo‘rg‘on tumanida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazildi.

Natijada, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, Namangan shahrida yashovchi, 1966 y.t. fuqaroning yonida 968 gr. “gashish” moddasi borligi ma’lum bo‘ldi.

Aniqlanishicha, u mazkur narkotik moddani Qirg‘iziston Respublikasidagi tanishidan 7 ming AQSh dollariga sotib olib, uchinchi shaxslar imkoniyatlari orqali Yangiqo‘rg‘on tumani hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazgan.

O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 14 kg 734 gr. “opiy” va 3 kg 923 gr. “gashish” moddalari musodara qilindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!