Dunyoning eng yaxshi shaharlari e’lon qilindi
London Resonance Consultancy konsalting kompaniyasining The World’s 100 Best Cities loyihasi bo‘yicha ketma-ket o‘ninchi yil dunyoning eng yaxshi shahri deb topildi. Buyuk Britaniya poytaxti xorijiy sarmoyadorlar, talabalar, sayyohlar va biznes rahbarlari uchun eng jozibador shahar sifatida e’tirof etildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Sodiq Xon rahbarligida London barqaror rivojlanish, ekologik tozalik va xavfsizlikka intilishni davom ettirmoqda. Shuningdek, shaharning investorlarni jalb qilish xususiyati alohida qayd etildi. 2024 yil yanvardan mart oyigacha bo‘lgan davrda amerikalik investorlar Buyuk Britaniyaning tijorat ko‘chmas mulkiga 3,66 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 50 foiz yuqori. Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, ushbu mablag‘larning qariyb 2 milliard dollari dunyodagi eng serharakat va sotuvga qulay tijoriy ko‘chmas mulk bozorlaridan biri bo‘lib qolayotgan London mehmonxonalari va ofislariga yo‘naltirilgan.
Reytingda ikkinchi o‘rinni Nyu York egalladi. Hakamlar hay’ati shaharning pandemiyadan juda tez tiklanganini, yana sayyohlarni jalb qilayotganini ta’kidladi. Bundan tashqari, 2024 yilda Manhettendagi ijara narxlari 50 foizga oshgani qayd etildi.
Nyu Yorkda mehmonxonalar soni ko‘paymoqda, hukumat infratuzilmani rivojlantirish va muzeylarni rekonstruksiya qilish uchun mablag‘ ajratyapti. Shaharga kelayotgan yosh va iqtidorli talabalar oqimi oshgan.
Uchinchi o‘rinni Parij egalladi. Bu yil Fransiya poytaxti uchun og‘ir keldi — Olimpiya o‘yinlari va chet ellik sayyohlar oqimi norozilik namoyishlari bilan birga kechdi, ishsizlik va kambag‘allik darajasi pasaymadi. Shunga qaramay, mutaxassislar shahardagi “misli ko‘rilmagan temir yo‘l aloqasi”, sayyohlikdan keladigan daromad o‘sayotgani, uy-joy ijarasi ommaviylashayotgani va mahalliy ma’muriyatning yirik loyihalariga urg‘u berdi.
Reytingda Yaponiyaning Tokio shahri to‘rtinchi, Singapur beshinchi, Rim oltinchi o‘rinni egalladi. Yettinchi va sakkizinchi qatorlarda Ispaniyaning Madrid va Barselona shaharlari joylashgan. Ro‘yxatda Berlin to‘qqizinchi, Sidney esa o‘ninchi bo‘ldi. Ikkinchi o‘ntalikka Amsterdam, San Fransisko, Dubay, Los Anjeles, Toronto, Seul, Chikago, Vena, Sietl, Milan kirdi. Jami 100 ta shahar reytingida Rio-de-Janeyro oxirgi o‘rinni egalladi.