Ruminiyada siyosiy inqiroz bormi?
Ruminiya Konstitusiyaviy sudi juma kuni prezidentlik saylovining birinchi bosqichi natijalarini tan olish qarorini 2 dekabrga qoldirdi. Bu saylovoldi tashviqotiga aralashish gumonlarini uyg‘otgan ovoz berishning kutilmagan natijasidan keyin yuz berdi.
Sud o‘z qarorini yakshanbaga belgilangan parlament saylovlarining ertasiga e’lon qiladi. Ayni paytda, birinchi turda berilgan barcha 9,46 million byulletenni qayta sanash allaqachon boshlangan. Mag‘lubiyatga uchragan konservativ nomzodlardan birining saylov natijalarini bekor qilish haqidagi iltimosi ham ko‘rib chiqilmoqda.
Mustaqil nomzod, 62 yoshli Kalin Jorjsku yakshanba kungi birinchi turda kutilmaganda g‘alaba qozonib, 8 dekabrga belgilangan ikkinchi bosqichga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Ekspertlarning fikricha, uning g‘alabasi mamlakat siyosiy manzarasini tubdan o‘zgartirishi mumkin.
Jorjsku 22,95 foiz ovoz oldi, amaldagi Bosh vazir, Sosial-demokratik partiya rahbari va bu saylovning favoriti hisoblangan Marsel Ciolaku esa 20 foizdan sal ko‘proq ovoz oldi.
«O‘ta o‘ng» degan ayblovlarga qaramay, bahsli nomzodning karerasi an’anaviy ravishda chap va o‘ta chap siyosatchilarga xos bo‘lgan atrof-muhit va barqaror rivojlanish bilan bog‘liq loyihalarda ishtirok etish bilan to‘la. Jorjsku avval Ruminiyaning Barqaror rivojlanish milliy markazini boshqargan, bundan oldin esa BMT Atrof-muhit dasturi milliy qo‘mitasida Ruminiya vakili bo‘lgan. 2013-2015 yillarda Rim klubining Yevropa tadqiqot markaziga rahbarlik qilgan.
Ruminiya rasmiylari saylov kampaniyasiga «dushman aktyorlar»ning aralashuvi haqida dalillar borligini aytmoqda.
Prezidentlik saylovi bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli yuzaga kelgan siyosiy noaniqlik parlament saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish davriga to‘g‘ri keldi.
Ayrim tahlilchilar fikricha, prezidentlik va parlament saylovlari natijalari Ruminiyaning ichki va tashqi siyosatiga, jumladan, Yevropa Ittifoqi va NATO bilan munosabatlariga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.