Ta’lim muassasalarida telefonlardan foydalanish taqiqlanadi
Qirg‘iziston Ta’lim va fan vazirligi ta’lim muassasalarida mobil telefonlardan foydalanishni taqiqlashni taklif qilmoqda. Vazirlar kabinetining tegishli qarori jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi.
Mazkur chora-tadbirlar o‘quv jarayonining tinch va xavfsiz o‘tishini ta’minlash, o‘quvchilar salomatligi, ularning ijtimoiy-psixologik barkamolligini muhofaza qilish, mobil qurilmalar bilan bog‘liq muammolarning oldini olishga qaratilgan.
Ishlab chiqilgan tartib-qoidaga ko‘ra, ta’lim muassasasiga kirishda har bir o‘quvchi, xodim, tashrif buyuruvchi va boshqa shaxslar telefonlarini sukut rejimiga o‘tkazishlari shart. Maktab o‘quvchilari va talabalar mobil qurilmalarini o‘chirib, sinfda yoki auditoriyada o‘rnatilgan qutilarga qo‘yishlari zarur.
O‘quvchilarga tabiiy ofatlar, inson hayoti va sog‘lig‘iga tahdid tug‘ilganda, yaqin qarindoshlarining sog‘lig‘i bilan bog‘liq xabarlar olayotganda, tanaffus vaqtida, shuningdek, darslarda mobil qurilmalardan foydalanish zarurati tug‘ilganda tegishli buyruq bilan tasdiqlangan reja doirasida mobil qurilmalardan foydalanishga ruxsat etiladi.
Ta’lim muassasalarida telefonlarni quvvatlantirish, videoga olish, mobil qurilmalarni bo‘yniga osib qo‘yish, cho‘ntakda saqlash taqiqlanadi. Telefondan zo‘ravonlik, shafqatsizlik va pornografiyani targ‘ib qiluvchi yoki ta’lim muassasasi imidjiga putur yetkazuvchi video va suratlarni boshqalarga ko‘rsatish uchun foydalanish mumkin emas, shu jumladan zo‘ravonlik va buzg‘unchilik sahnalarini suratga olish va keyinchalik boshqalarga ko‘rsatish ham.
O‘qituvchilarga dars jarayonida mobil qurilmalardan foydalanish taqiqlanadi, agar bu dars jarayoni bilan bog‘liq bo‘lmasa.