Dunyodagi eng keksa erkak vafot etdi

Dunyodagi eng keksa erkak vafot etdi

Britaniyaning Olton shaharchasida sayyoraning ayni vaqtda eng keksa erkagi hisoblangan Bob Ueyton 112 yoshida vafot etdi.

29 mart kuni qariya 112 yoshini qarshilagandi. Biroq u pandemiya sababli tavallud kuni nishonlanishini bekor qilgan. U ijtimoiy masofa qoidalari sababli dunyoning eng keksa erkagi deb tan olinish uchun Ginness rekordlar kitobi rasmiy vakili bilan uchrasha olmagan. Buning o‘rniga Ueyton yashagan qariyalar uyi xodimlari unga boloxonadan “Tug‘ilgan kuning bilan” qo‘shig‘ini kuylab, xavfsiz masofadan Ginness rekordlar kitobi sertifikatini topshirishgan. Ta’kidlanishicha, qariyaning o‘limiga saraton kasalligi sabab bo‘lgan.

Ueytonga eng keksa qariya nomi 23 fevralda 113 yoshiga to‘lishiga 10 kun qolganda vafot etgan yaponiyalik Titesu Vatanabedan o‘tgan edi.  

Ueyton Britaniyaga ko‘chib o‘tishdan avval Kanada va Tayvanda yashagan. U o‘z vaqtida bezgakka chalingan va bir nechta jarrohlik operasiyalarini boshdan o‘tkazgan.

Tasdiqlanmagan ma’lumotlarga ko‘ra, endilikda sayyoraning eng keksa erkagi nomi braziliyalik Olimpio Martins Piresga o‘tadi. 24 avgustda u 112 yoshga to‘ladi.

Ayni vaqtda dunyoning eng keksa odami va ayoli yaponiyalik Kane Tanaka hisoblanib, u 117 yoshda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!