Davlat tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratadi — Konstitusiyaning 53-moddasi qay tarzda o‘zgarmoqda?

Davlat tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratadi — Konstitusiyaning 53-moddasi qay tarzda o‘zgarmoqda?

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 53-moddasida tadbirkorlar huquqlari yanada mustahkamlanib qo‘yilmoqda.

Davlat tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investisiyaviy muhitni, shart-sharoitlarni ta’minlaydi.

Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faolityatining yo‘nalishini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli. (53-modda)

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.Mirziyoyevning joriy yil 20 iyun kuni Konstitusiyaviy komissiya a’zolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvdagi ma’ruzasida “Tadbirkorlar qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga, o‘z faoliyati yo‘nalishlarini mustaqil ravishda tanlashga, tadbirkorlikdan cheklanmagan miqdorda daromad olishga haqli ekanini Konstitusiyada mustahkamlashni taklif etaman.

Davlat xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik va investisiyaviy muhit hamda sharoitlarni ta’minlashi, erkin va halol raqobatning himoya qilinishi, iqtisodiy faoliyatda monopollashtirishga yo‘l qo‘yilmasligini kafolatlashi lozim” deb ta’kidlab, mazkur yo‘nalishdagi konstitusiyaviy islohotlarni asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.

2. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasining 21-maqsadida yalpi ichki mahsulotni 1,6 baravar va 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4 ming AQSh dollaridan oshirish hamda “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish bo‘yicha belgilangan vazifalarni faqat barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash va tadbirkorlik muhitini yaxshilash orqali erishiladi.

Shu nuqtai nazardan, konstitusiyada kiritilayotgan mazkur qo‘shimchalar erkin bozor iqtisodiyotini tavsiflovchi eng muhim prinsiplarni o‘zida ifoda etib, davlatni tadbirkorlik faoliyatini samarali tashkil etishga doir asosiy vazifalarini belgilaydi hamda “qonunda taqiqlanmagan har qanday faoliyatga ruxsat beriladi” prinsipi asosida tadbirkorlik faoliyatini davlat tomonidan tartibga solishni asosiy mezonlarini konstitusiyaviy darajada mustahkamlaydi.

Tadbirkorlik sohasi izchil rivojlanayotgani qayd etilmoqda, so‘nggi uch yilning o‘zidayoq amaldagi tadbirkorlik sub’ektlari soni 25 foizga oshdi. O‘zbekistonda tadbirkorlar eksport imkoniyatlarini oshirish maqsadida amaliy chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Jumladan, 2021 yil 10 aprelida O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining (EI) barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha maxsus imtiyozlar tizimi («GSP+») kuchga kirdi, eksport qilinadigan barcha tovarlar va xizmatlar uchun bojxona to‘lovlari bekor qilindi, lisenziyalash va eksport tizimi soddalashtirildi, tovarlarning 60 foizdan ortiq turlari uchun bojxona to‘lovlarining «nol» darajasi belgilandi.

3. Konstitusiyaga kiritilayotgan mazkur normalar O‘zbekistonda qulay ishbilarmonlik va investision muhitning shakllanishida, xususiy sektorning ulushini oshirishga, yangi ish o‘rinlarining yaratilishiga, aholi daromadlarining oshishi va kambag‘allikni qisqartirishga xizmat qiladi.

4. Kutilayotgan umumiy natijalar aholining farovonligini oshishiga, tadbirkorlar qatlamining jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshishiga, o‘rta daromadlilar qatlamini shakllanishi va ularning kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish orqali rivojlangan davlatlar qatoriga kirish imkoniyatini taqdim etadi, shuningdek “Iqtisodiy erkinlik” xalqaro indeksidagi o‘rnini yaxshilashga xizmat qiladi.

5. Mazkur normaga o‘xshash normalar amaldagi qonunchilikda ham nazarda tutilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuning 8-moddasida “Tadbirkorlik faoliyati sub’ektlari qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga haqli”, 18-moddasida “Davlat iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlaydi”, 19-moddasida “Tadbirkorlik sub’ektlari qonunchilikda man etilmagan har qanday faoliyatni amalga oshirishga haqli” deb belgilangan.

6. Mazkur normaga o‘xshash normalar Shveysariya, Polsha, Xorvatiya, Bolgariya, Estoniya kabi davlatlarning konstitusiyalarida mustahkamlangan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!