CNN Xitoyning Eronga yashirin qurol yetkazib berish rejasi haqida xabar berdi
Xitoy yaqin haftalar ichida Eronga havo hujumidan mudofaaning yangi tizimlarini, jumladan, ko‘chma zenit-raketa majmualarini (KZRM) yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda CNN telekanali uchta manbaga tayanib xabar bermoqda.
Telekanalning eslatishicha, ushbu ko‘chma majmualar AQShning past balandlikda uchadigan harbiy samolyotlari uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Ikkita manbaning so‘zlariga ko‘ra, razvedka ma’lumotlari go‘yoki Pekin yuklarning asl kelib chiqishini yashirish uchun ularni uchinchi davlatlar orqali yo‘naltirishni rejalashtirayotganini ko‘rsatmoqda.
«Pekinning Eron va AQSh o‘rtasidagi nozik o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvida vositachilik qilgani haqidagi bayonotlari fonida, bu qadam provokasion harakat bo‘lgan bo‘lardi», — deb qayd etadi telekanal.
Shu bilan birga, Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi vakili bu ayblovlarni keskin rad etib, ushbu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidladi.
«Biz Amerika tomonini asossiz ayblovlardan, g‘arazli uydirmalar va shov-shuvlardan tiyilishga chaqiramiz», — dedi u telekanal so‘roviga javoban.
