2026 yilning dastlabki uch oyida jinoyatlar qanchaga kamaydi?
Xalq manfaatlari yo‘lida ommaviy axborot vositalari bilan hamnafas ishlash, ichki ishlar organlari oldida turgan eng dolzarb vazifalaridan biridir. Shu maqsadda bugun IIV Madaniyat saroyida «Ochiqlik va xalq bilan muloqot — asosiy mezon: Ichki ishlar organlari faoliyati yuzasidan joriy yilning birinchi choragi bo‘yicha tahliliy hisobot» mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Vazirlik rahbariyati, mas’ullar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda, har bir sohaviy xizmat uchun alohida burchaklar tashkil etilib, mutaxassislar tomonidan tashrif buyuruvchilarga ma’lumotlar berib borildi.
Ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, Tergov departamenti boshlig‘i Ramazon Ashropov o‘z ma’ruzasida 2026 yilning dastlabki uch oyi davomida mamlakatimizda jami 6 211 ta oldi olinishi mumkin bo‘lgan jinoyatlar sodir etilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 596 taga kamayishiga erishilganligi haqida ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, xodimlarning tashabbusi bilan 9 544 ta jinoyat aniqlanib, mazkur amaliyot o‘tgan yilning dastlabki uch oyiga nisbatan 37 foizga yaxshilangan.
Xususan, giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan 4 080 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, jinoiy guruh va shaxslardan 872 kg. giyohvandlik vositalari, shundan 33 kg. sintetik moddalar
va 296 mingdan ziyod kuchli ta’sir qiluvchi dorilar musodara qilingan.
Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yo‘nalishida jami 670 ta jinoyatlar aniqlanib, 80 ta uyushgan guruhlar va 211 ta uyushgan guruh tarkibidagi shaxslar ushlangan.
Shuningdek, 1 076 ta korrupsiya va iqtisodiyot jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishidagi jinoyatlar aniqlanib, ular oqibatida yetkazilgan 199 mlrd 565 mln so‘m miqdoridagi zarar aniqlanib, qonuniy tartibda undirish harakatlari olib borilmoqda.
Axborot-kommunikasiya texnologiyalari yordamida joriy yilning uch oyida 18 mingdan ortiq jinoyatlar sodir etilgan bo‘lib, ularning 97 foizida fuqarolarning pul mablag‘lari elektron to‘lov tizimlari orqali qo‘lga kiritish bilan bog‘liqdir.
Tezkor tuzilmalarimiz va saf bo‘linmalarimizning xizmat faoliyati jarayonida tergov va sud organlaridan yashiringan 2 193 nafar shaxslar ushlangan, 171 nafar bedarak yo‘qolganlar topilib, oilasi bag‘riga qaytarilgan.
Umuman olganda, joriy yilning birinchi choragida mamlakatimizda, 7 309 ta mahallarda jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Bu yurtimizdagi jami mahallalarning deyarli 81 foizini tashkil qilgan. Shu bilan birga jinoyatlar qayd etilgan mahallalarning 1 497 tasi (16,6 %) “sariq” 186 tasi (2,1 %) “qizil” toifaga kirgan.
2026 yilning uch oyi davomida respublikada 1 102 ta
yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan. Ularning 31,4 foizi
(346 ta) inson o‘limi bilan yakunlangan bo‘lsa, 13,6 foizi haydovchilar tomonidan piyodaga yo‘l bermaslik, 32,9 foizi belgilangan tezlikka rioya qilmaslik, 4,2 foizi haydovchini harakat vaqtida uxlab qolishi va 22,4 foizi svetoforning talablariga amal qilmaslik oqibatida sodir bo‘lgan.
Vazir o‘rinbosari shuningdek, tizimda olib borilayotgan keng ko‘lamli tezkor-profilaktik tadbirlar natijalariga ham to‘xtalib o‘tdi. Birgina, “Xavfsiz va sog‘lom yurt” oyligining birinchi bosqichida, jami 43 931 ta tezkor-qidiruv va profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, 4 009 ta giyohvandlik, 4 789 ta uyushgan jinoyatchilik, 25 475 ta korrupsiya va 6 348 ta terrorizmga qarshi kurashish yo‘nalishida noqonuniy holatlar aniqlangan.
Jumladan, jami 489,7 kg giyohvandlik, qariyb 308 ming dona kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olinib, 1 541 tup tarkibida giyohvandlik vositasi bo‘lgan o‘simlik yetishtirilayotganligi aniqlandi va barchasi o‘rnatilgan tartibda musodara qilingan.
Shuningdek, uyushgan jinoiy guruh va shaxslardan 457 ta qurol, 6 584 dona o‘q-dorilar olinib, sodir etilishi mumkin bo‘lgan mudhish holatlarga barvaqt chek qo‘yilgan.
Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan Chilonzor tumani tajribasini joriy etish bo‘yicha tumandagi barcha mahallalarga ichki ishlar organlarining 55 nafar xodimlari hamda 21 ta eng og‘ir mahallalarga Vazirlikning sohaviy xizmat rahbarlari nomma-nom biriktirildi. Xavfsizlikni ta’minlashga qo‘shimcha 667 nafar kuch-vositalar jalb etilgan.
Vazirlik tizimiga 2026 yilning birinchi choragida jami 100 mingdan ortiq (100 742 ta) murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, hisobot davrida ularning 68 foizi qanoatlantirilgan.
Hududiy ichki ishlar organlariga kelib tushgan 90 332 ta murojaatlarning 64 352 tasi ijobiy hal qilinib, fuqarolarning qonuniy huquqlari ta’minlangan bo‘lsa, 8 480 tasi malakali huquqiy tushuntirish berish orqali hal qilingan.
Matbuot anjumanida 2026 yilning o‘tgan davri mobaynida xodimlarning jismoniy va jangovar tayyorgarligini oshirish, xizmat intizomini mustahkamlash borasida ham to‘xtalib o‘tildi. Uzluksiz o‘quv-karyera tizimi asosida 25 629 nafar xodimlarning malakasi oshirilganligi qayd etilib, tizimda xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tibor natijasida mart oyining o‘zida 53 nafar ayol xodimalar rahbarlik lavozimlariga tayinlanganligi alohida e’tirof etildi.
Xodimlar o‘rtasida korrupsion illatlarni bartaraf etish yuzasidan olib borilgan keng ko‘lamli tushuntirish ishlari natijasida joriy yilning o‘tgan 3 oyida 60 ta holatda xodimlar fuqarolar tomonidan taklif etilgan porani rad etib, qonuniy chora ko‘rish uchun vazirlik Shaxsiy xavfsizlik xizmatiga murojaat qilgan.
Vatan tinchligini saqlash yo‘lida 2026 yilning o‘zida 10 nafar xodim xizmat vazifasini bajarish chog‘ida vafot etgan, 39 nafari esa jarohatlangan.
Yurtimizda fuqarolar va jamoat xavfsizligini ta’minlash borasida xodimlarimizning olib borayotgan xizmat faoliyati va mehnati muhtaram Prezidentimiz tomonlaridan doimo yuksak e’tirof etib kelinmoqda.
Birgina shu yilning o‘zida 11 nafar ichki ishlar organlari xodimlari davlat mukofoti bilan taqdirlangan.
Bundan tashqari, idoraviy buyruq bilan Ichki ishlar vazirligi tomonidan 25 mingdan ziyod xodim rag‘batlantirilgan.
Matbuot anjumanining ikkinchi qismida ommaviy axborot vositalari o‘z savollari bilan mas’ullarga yuzlanishdi. Uch oy davomida sodir bo‘lgan ko‘plab hodisalar muhokama qilinib, huquqiy tushunchalar berildi va aniq ma’lumotlar taqdim etildi. Shu bilan birga tizim faoliyati yuzasidan fikrlar, aholini qiynayotgan ayrim muammolar borasida takliflar bildirildi.
Qizg‘in va ikki tomonlama munozaralarga boy bo‘lgan tadbir yakunida kelgusidagi bajarilishi lozim bir qator masalalar yuzasidan kelishib olindi.
