Buxorodagi parkda er-xotin va ularning farzandi attraksiondan yiqilib tushdi

Buxorodagi parkda er-xotin va ularning farzandi attraksiondan yiqilib tushdi

Buxoro shahrida joylashgan istirohat bog‘ida er-xotin va ularning farzandi attraksiondan yiqildi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, 26 mart kuni soat 15:51 da RSHTTYOIM Buxoro filiali shifokori viloyat Ichki ishlar boshqarmasining “102” markazlashgan elektron tizimiga qo‘ng‘iroq qilib, Fatxobod ko‘chasida yashovchi Q.S., X.A. va ularning farzandi F. A. lar tan jarohati olib, tibbiy muolaja olish uchun murojaat qilganini bildirgan.

Mazkur xabarnoma Buxoro shahar IIO FMB 1-son IIB mas’ul xodimlari tomonidan tegishli tartibda qayddan o‘tkazilgan va zudlik bilan hodisa joyiga tezkor-tergov guruhi yuborilgan.

Qayd etilishicha, hodisa sodir bo‘lgan Buxoro shahar Xo‘jag‘unjoriy mahallasi Havzi bodom ko‘chasida joylashgan “Somoniylar” istirohat bog‘i hududida joylashgan “Tvister” nomli YATT R.E. va X.SH.ga tegishli bo‘lgan charxpalak attraksioni ko‘zdan kechirilgan.

Shunda attraksiondagi oq-qizil rangda bo‘lgan bitta arg‘imchoq o‘z o‘qi atrofidan chiqib, taxminan 6 metr uzoqlikka uchib tushgani natijasida arg‘imchoqda bo‘lgan Q.S va uning turmush o‘rtog‘i X.A. hamda ularning farzandi F.A. tan jarohati olganligi aniqlangan.

Hozirgi vaqtda jabrlangan fuqarolarning salomatligi yaxshi.

Ushbu holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Tekshiruv yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!