Buxoroda onasini begona erkak bilan ko‘rgan o‘quvchi qotillikka qo‘l urdi. Uning otasi Rossiyada

Buxoroda onasini begona erkak bilan ko‘rgan o‘quvchi qotillikka qo‘l urdi. Uning otasi Rossiyada

Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida 2006 yilda tug‘ilgan 10-sinf o‘quvchisi (o‘g‘il) qotillikka qo‘l urdi, deya xabar bermoqda «Daryo».

O‘zini tanishtirishni istamagan g‘ijduvonlik fuqaroning «Daryo»ga ma’lum qilishicha, 2022 yilning 6 may kuni tungi paytda tumandagi «Abdulla Qodiriy» mahallasida qotillik sodir bo‘lgan. Qotillik tumandagi Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi tomonidan sodir etilgan.

Maktab-internat direktori O‘ktam Nazarovga ko‘ra, 16 yoshli o‘quvchi SH.R. oilada besh farzandning to‘ng‘ichi bo‘lgan. Otasi 2017 yil Rossiyaga ishlash uchun ketgan. O‘quvchi bola o‘sha kuni kechki payt uyga qaytganida onasi M.O. otasining yaqin do‘sti, 35 yoshli fuqaro bilan hovlisining chekka qismidagi uyda yolg‘iz o‘tirgan bo‘lgan. SH.R. janjal ko‘targan va jahl ustida fuqaroni pichoqlab o‘ldirgan.

«O‘quvchimning onasi begona erkak bilan qanday holatda o‘tirgan — bu bizga qorong‘i. SH.R. rashk oqibatida o‘zi anglamagan holda qattiq asabiylashgan va qotillikkacha borgan. Ammo o‘quvchim judayam iqtidorli, bilimli, aqlli, odobli bola. Sportning futbol turiga qiziqardi. Undan juda kuchli futbolchi yetishib chiqishiga ishonardik. SH.R. musobaqalarda ham, fan bellashuvlarida ham, tartib-intizomda birinchi bo‘lgan. Faol o‘quvchimizning achchiq taqdiridan butun maktabimiz jamoasi bilan qayg‘uda qoldik. Kutilmagan, juda xunuk ko‘ngilsizlik bo‘ldi-da. Ayni qiziqqon yoshdaligini, har bir o‘g‘il bolada bo‘lganidek undayam oriyat baland bo‘lganini inobatga olish ham kerakdir», — deydi maktab-internat direktori O‘ktam Nazarov.

Viloyat prokuraturasi axborot xizmati rahbari Anvar Esanovning bildirishicha, qotillik yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasining 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda G‘ijduvon tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!