Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari 1 stavkadan kam ishlashi mumkinmi?
Bugun AOKA huzuridagi shtabda Xalq ta’limi vazirligi axborot xizmati rahbari Laylo Rustamova ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolardan kelgan savollarga javob berildi.
- Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarining dars soatlari qisqarib ketayotgan ekan. Buning sababi nima, o‘qituvchi 1 stavkadan kam ishlashi mumkinmi?
- 2018 yil 27 aprelda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya shifokori tomonidan tasdiqlangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarida boshlang‘ich (1-4) sinflarga ruxsat etilgan maksimal haftalik yuklama jami 88 soat etib belgilangan. Bugungi kunda boshlang‘ich sinflarning haftalik yuklamalari amalda jami 98,5 soatni tashkil etib, belgilangan me’yordan 10,5 soat oshib ketgan.
Shu sababli, boshlang‘ich sinflarning maksimal haftalik yuklamasi sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiqlashtirildi.
Qisqartirilgan holatda ham diplomida jismoniy tarbiya mutaxassisligi bulgan o‘qituvchi 1-sinfda 18 soat, 2-4 sinf o‘qituvchisi 17 soat dars beradi. Diplomida jismoniy tarbiya bo‘lmagan o‘qituvchilar 1-sinfda 17 soat 2-4 sinflarda 16 soatdan dars berishi mumkin.
Shuningdek boshlang‘ich sinf o‘qituvchilarida:
🔹 sinf rahbarligi, daftarlarni va yozma ishlarni tekshirganlik uchun qo‘shimcha to‘lovlar;
🔹 2019 yil 30 sentyabrdagi 823-son qarori talablari asosida belgilanadigan har oylik ustama to‘lovlari;
🔹 malaka toifa darajalarini oshirish orqali oylik maoshlarini oshirish imkoniyatlari mavjud.
Sanitariya talablari asosida boshlang‘ichda sinflarda soatlarni optimallashtirish xisobiga Xalq ta’limi vazirligi tomonidan 2020-2021 o‘quv yilidan boshlab matematika, kimyo va biologiya, informatika fanlarini chuqurroq o‘rgatish uchun mazkur fanlarga qo‘shimcha dars soatlari ajratildi.
Jumladan:
🔸10-sinf “Matematika” faniga haftasiga 1 soat;
🔸10-11-sinf “Kimyo” faniga haftasiga 1 soatdan (jami 2 soat);
🔸10-11-sinf “Biologiya” faniga haftasiga 1 soatdan (jami 2 soat);
🔸5-6-sinf Informatika faniga haftasiga 0,5 soatdan (jami 1 soat) qo‘shildi.
Toshkent shahridagi barcha maktablar va Respublika hududidagi mingdan ortiq maktablar elektron Kundalikka o‘tayotgani bois Kundalik daftar xarid qilmasligingizni yana bir bor eslatib o‘tamiz. Hududlarda qaysi maktablar elektron Kundalik bilan qamrab olinganligi to‘g‘risidagi ma’lumotni maktabingiz ma’muriyatidan aniqlashingiz mumkin.
