Bosh qomusimizda O‘zbekistonning besh ustuni belgilab qo‘yildi

Bosh qomusimizda O‘zbekistonning besh ustuni belgilab qo‘yildi

O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb e’tirof etilgani xalqimiz uchun manfaatli bo‘ldi. Nega degan haqli savol tug‘ilishi tabiiy. Avvalo, bu davlat har bir fuqarosiga munosib turmush kechirishi uchun shart-sharoit yaratish majburiyatini olishini anglatadi. Bu – mavjud resurslarni ijtimoiy adolat tamoyillari asosida taqsimlash, jamiyatda kuchli tabaqalanish avj olishiga yo‘l qo‘ymaslik, eng zaif qatlamlar uchun ham sifatli ta’lim va tibbiyot kafolatlanishi, samarali ijtimoiy himoya dusturlari ishlashi, imkoniyati cheklangan va qo‘llovga muhtoj fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, adolatli mehnat qonunchiligi va jozibador pensiya tizimi kabilarni anglatadi. Oddiy xalq tilida aytganda, eng kambag‘al oilaning bolalari ham sog‘-salomat o‘sib-ulg‘ayib, yaxshi ta’lim olib, farovonlikka erishish imkoniyati yaratiladi.

Shular qatorida konstitusiyamizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi ekanligining o‘zi, amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlarning tub mohiyatida inson qadri turganidan dalolat beradi.

Umuman, har bir davlat o‘z fuqarolari bilan munosabat o‘rnatar ekan, alohida huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi. Ya’ni, davlat ham, fuqaro ham o‘ziga xos huquq hamda majburiyatlar egasidir. Davlat fuqarolar tinch, xavfsiz yashashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratib berish kabi majburiyatga ega bo‘lsa, fuqarolar birinchi navbatda, qonunlarga bo‘ysunishi, jamiyatdagi qoidalar va talablarga rioya qilishi, hayoti davomida duch keladigan majburiyatlarni bajarishi kabi mas’uliyatli vazifani o‘z zimmasiga olishi lozim bo‘ladi.

Joriy yilda xalqimiz tomonidan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitusiyada inson huquqlari masalasiga ham alohida ustuvorlik berilgan. Shu ma’noda ikkinchi bo‘lim inson va fuqaroning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari masalasiga bag‘ishlangan. Ya’ni, Qomusimizning 21-moddasida “Har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega. Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas. Inson o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart”, deb mustahkamlab qo‘yildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ko‘pgina xorijiy mamlakatlarda masalan Germaniya Konstitusiyasida aytiladiki, “Quyida sanab o‘tiladigan asosiy huquqlar qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati uchun bevosita amal qiladigan huquq sifatida majburiydir”, deyilgan. Bu yerda quyida deganda, fuqarolarning asosiy shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy-ijtimoiy huquqlarini nazarda tutiladi.

Prezidentimizning 8 dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan xalqimizga yo‘llagan tabrigida yangi tahrirdagi Konstitusiyamizda O‘zbekistonning besh ustuni, ya’ni suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekani qat’iy belgilab qo‘yilgani, uning mazmuni tubdan takomillashtirilib, yangi bob va moddalar bilan boyitilgani alohida qayd etildi.

Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitusiyamizda davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsiplariga asoslangan. Ya’ni, bunda jazolash yoki boshqa ta’sir ko‘rsatishning chegarasi insoniylikka borib taqaladi. Aniq qilib aytganda, Konstitusiya va qonunlarning asosiy maqsadi inson, uning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish va himoya qilishdan iboratdir. Ya’ni, qonunlar kimgadir ortiqcha majburiyat yoki xarajat yuklashi mumkin emas.

Umuman olganda, Konstitusiyaga kiritilgan inson huquq va erkinliklarini yanada kuchaytirishga qaratilgan yangi normalar so‘nggi yillarda ilgari surilgan inson qadrini e’zozlash tamoyillariga to‘laligicha mos keladi.

O‘rol O‘ROZBOYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!