Bokuda Xoqoniy Shervoniy tavalludining 900 yilligiga bag‘ishlangan “Xoqoniy oqshomi” o‘tkazildi
2026 yil 29 sentyabr kuni Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi Ozarbayjon Respublikasi Madaniyat vazirligi ko‘magida buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Xoqoniy Shervoniy tavalludining 900 yilligiga bag‘ishlangan “Xoqoniy oqshomi” nomli badiiy-musiqiy tadbirni Bokudagi Xalqaro Mug‘om markazida o‘tkazdi.
Tadbir Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti, Janobi Oliylari Ilhom Aliyevning Xoqoniy Shervoniy tavalludining 900 yilligini nishonlash to‘g‘risidagi farmoyishiga muvofiq tashkil etildi.
Tadbirning ochilish marosimida Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasi prezidenti, professor Aktoti Raimqulova so‘zga chiqib, Xoqoniy Shervoniyning asarlari asrlar davomida turkiy xalqlarning ma’naviy olamida alohida o‘rin egallab kelayotganini ta’kidladi. Jamg‘armaning keng ko‘lamli nashriyot faoliyatiga to‘xtalar ekan, professor Aktoti Raimqulova tashkilot turkiy dunyoning atoqli mumtoz namoyandalarining adabiy merosini turli tillarda nashr etib, uni keng kitobxonlar ommasiga yetkazayotganini qayd etdi. Mazkur yo‘nalishda amalga oshirilayotgan loyihalar umumiy madaniy merosni asrab-avaylash va targ‘ib qilishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Tadbirni Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi Yoshlar kengashi raisi Farid Husayn olib bordi. Ozarbayjon Milliy Fanlar akademiyasi akademigi Iso Habibbeyli hamda Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati Hikmat Babao‘g‘li ham tadbirda so‘zga chiqib, buyuk shoirning boy adabiy merosi haqidagi fikrlarini bildirdilar hamda Jamg‘armaning ushbu yo‘nalishdagi tashabbuslarini yuqori baholadilar.
Tadbir doirasida Xoqoniy Shervoniyga bag‘ishlangan pyesalar to‘plami taqdimoti ham o‘tkazildi. Shuningdek, shoirning hayoti va ijodiy merosini aks ettiruvchi badiiy dastur namoyish etildi. Dasturda Xoqoniy Shervoniy hayotining turli davrlarini, jumladan, uning bolalik va yoshlik yillarini tasvirlovchi sahna ko‘rinishlari, shuningdek, shoir she’rlari asosida bastalangan va ilk bor ijro etilgan musiqiy asarlar namoyish qilindi.
Badiiy dasturdan Jahongir Jahongirovning “Nazanin”, To‘fiq G‘uliyevning “Baxtiyor oldun” va Bahrom Nasibovning “Go‘zal Nazanin” asarlari, shuningdek, 3-son Bolalar va yoshlar rivojlanish markazi tomonidan tayyorlangan “Xoqoniyning bolaligi” mini-spektakli, “Xoqoniyning g‘azal dialoglari”, Xoqoniy va Muhammad Fuzuliy ijodidan namunalar, shuningdek, maqom jo‘rligida Xoqoniy g‘azallarining ijrolari o‘rin oldi.
Tadbirda Ozarbayjonda akkreditasiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, madaniyat va san’at namoyandalari, adabiyotshunos olimlar, akademiklar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
