Bobomurod Hamdamov, Sherali Jo‘rayev va Abdurauf Olimov qo‘shiqlaridan shartnomasiz foydalanish taqiqlandi

Bobomurod Hamdamov, Sherali Jo‘rayev va Abdurauf Olimov qo‘shiqlaridan shartnomasiz foydalanish taqiqlandi

2022 yil 1 avgustdan boshlab O‘zbekiston va Turkmaniston xalq artisti Bobomurod Hamdamov, O‘zbekiston xalq artisti, Navoiy mukofoti sovrindori Sherali Jo‘rayev va Abdurauf Olimov asarlaridan lisenziya shartnomasi tuzmasdan har qanday shaklda va usulda foydalanish taqiqlanadi. Bu haqda Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xabar berdi.

Mazkur taqiq O‘zbekiston Respublikasining “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi Qonuniga va O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga (1034-modda) muvofiq amal qiladi.

Taqiq ularning asarlaridan ommaviy foydalanish, tarqatish va barcha ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar va turli ijtimoiy kanallar, platformalar va veb-saytlarda joylashtirish, shuningdek, asarlardan ommaviy tadbirlar va tantanalarda foydalanishga taalluqlidir.

Eslatib o‘tamiz, mualliflik huquqi egalarining mualliflik huquqi va turdosh huquqlarini buzish, ularning asarlaridan noqonuniy foydalanish amaldagi qonunchilikka muvofiq tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Amaldagi Konstitusiyamizning 36-moddasida har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli ekanligi mustahkamlangan. Mazkur moddanining birinchi qismiga intellektual mulk huquqiga ega bo‘lish haqidagi norma kiritilishi taklif etilayapti. Xususan, 36-moddaning birinchi qismi quyidagi tahrirda bayon etilishi mumkin: "Har kim qonun bilan muhofaza qilinadigan mulkka, shu jumladan intellektual mulkka bo‘lgan huquqqa ega".


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!