BMT O‘zbekiston tashabbusi bilan o‘rmonlarni qayta tiklash va yer degradasiyasiga qarshi kurash bo‘yicha rezolyusiyani qabul qildi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi O‘zbekiston tashabbusi bilan «Degradasiyaga uchragan va qurg‘oq hududlarda barqaror o‘rmonzorlarni barpo etish, daraxt ekish va ularni targ‘ib qilish – ekologik muammolarga qarshi kurashning samarali yechimi» rezolyusiyasini bir ovozdan qabul qildi.
Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan, respublikani ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan «Yashil Makon» umummilliy loyihasi konsepsiyasiga asoslanadi. Rezolyusiyada davlatimiz rahbarining Bosh Assambleyaning 78-sessiyasi va BMT Iqlim bo‘yicha 28-konferensiyasida bildirilgan iqlim o‘zgarishi va yerlarning degradasiyasiga qarshi kurashish borasidagi asosiy takliflari o‘z ifodasini topgan.
«Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ekologik muammolar, xususan, Orol dengizi mintaqasini »yashil hudud«ga aylantirish, cho‘llanishning oldini olish borasida katta ishlar qilinmoqda. Prezidentimiz tomonidan bildirilgan takliflarda aynan shu masalaga alohida e’tibor qaratilgan, — dedi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov. — Bu takliflarning xalqaro darajada e’tiborga olinib, alohida rezolyusiya qabul qilinishi biz uchun juda katta ahamiyatga ega. Ushbu rezolyusiya dolzarb ekologik muammolarni hal qilish uchun yurtimizga turli grantlar, ilg‘or texnika vositalari, tajribalar olimlarni jalb etish, yirik fondlar, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishga imkon beradi».
Rezolyusiyaga 100 dan ortiq a’zo davlatlar, jumladan, Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, Ozarbayjon, Avstriya, Belgiya, Bahrayn, Vengriya, Germaniya, Italiya, Iordaniya, Indoneziya, Qatar, Xitoy, Saudiya Arabistoni, Latviya, Mo‘g‘iliston, Marokash, O‘mon, BAA, Pokiston, Portugaliya, Rossiya, Koreya Respublikasi, Turkiya, Fransiya va dunyoning turli mintaqalarini ifodalovchi boshqa davlatlar hammualliflik qildi.
Qayd etish joizki, rezolyusiyada o‘rmonlarni barqaror boshqarish va daraxt o‘tqazishning iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik afzalliklari har tomonlama qayd etilgan. Ularning biologik xilma-xillikni oshirish, iqlim o‘zgarishi va havo ifloslanishi oqibatlarini yumshatish hamda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga qo‘shgan hissasi, jumladan, kambag‘allikka barham berish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashdagi hissasi alohida ta’kidlanadi.