BMT o‘z vazifasini bajara olmayapti

BMT o‘z vazifasini bajara olmayapti

BMT urushlarning oldini olish, hatto o‘z xodimlarini himoya qilish va Isroilni jinoyatlari uchun javobgarlikka tortish vazifasini bajara olmayapti.

Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Nyu-Yorkdagi Turk uyida jurnalistlar savollariga javob berar ekan. Davlat rahbari BMT Bosh Assambleyasining 79-sessiyasida ishtirok etish uchun AQShda bo‘ldi.

«Mavjud tizimga ko‘ra, BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a’zosi xohlaganini qila oladi», dedi Prezident Erdog‘an.

Uning ta’kidlashicha, dunyoda musulmon davlatlari soni ko‘p bo‘lishiga qaramay, ularning hech biri BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari qatorida emas.

Davlat rahbari, shuningdek, «Falastinda genosid sodir etgan jinoyatchi (Netanyaxu) BMT ishida ishtirok etishini sharmandalik» deb atadi.

Isroilning G‘azo sektori va Livanga nisbatan harakatlari haqida gapirar ekan, u «Isroil o‘zining xayoliy orzusiga erishish uchun mintaqa aholisi hayotini dahshatli tushga aylantirishga tayyor», deb ta’kidladi.

Rossiya-Ukraina mojarosi mavzusiga to‘xtalar ekan, prezident Turkiyaning Ukraina bo‘yicha tinchlik konferensiyasida ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Uning fikricha, Turkiya Rossiya-Ukraina mojarosini adolatli tinchlik asosida hal etish tarafdori.

Turkiyaning NATO doirasidagi faoliyatini sharhlar ekan, u Anqara o‘z majburiyatlari va mas’uliyatini biladigan va ularni to‘liq amalga oshiruvchi alyansning ishonchli ittifoqchisi ekanligini ta’kidladi.

Davlat rahbari Janubiy Kavkazdagi vaziyatga to‘xtalib, Turkiya Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanishi va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari o‘rnatilishi tarafdori ekanini, bu borada zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirishini ta’kidladi.

Turkiya rahbari Anqaraning BRIKS va ASEANga a’zo bo‘lish istiqbollari haqida o‘z fikrini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Turkiyaning bu tashkilotlarda bo‘lishi ular qamrab olgan hududlarning «arifmetikasini» o‘zgartiradi.

Davlat rahbari, shuningdek, noyabr oyida AQShda bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari fonida Turkiya-Amerika munosabatlarining istiqbollari haqida ham fikr bildirdi. «Umid qilamanki, yangi rahbariyat avvalgisidan yomon bo‘lmaydi. F-35 muammosi nafaqat Donald Tramp ma’muriyati davrida mavjud edi. Respublikachilar va demokratlar bo‘lsin, barcha ma’muriyatlarning hafsalasi pir bo‘ldi. Ko‘ramiz, yangi davrda ham shunday davom etadimi», dedi davlat rahbari.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!