BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida O‘zbekistonda 150 dan ortiq mahallada yangi ijtimoiy ob’ektlar quriladi

BMT Taraqqiyot dasturi ko‘magida O‘zbekistonda 150 dan ortiq mahallada yangi ijtimoiy ob’ektlar quriladi

Joriy yilning 28 mart kuni mamlakat chekka hududlarida yashovchi aholining ijtimoiy-iqtisodiy turmush tarzini yaxshilashga qaratilgan «Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish» loyihasining ikkinchi bosqichini amalga oshirish to‘g‘risida prezident qarori imzolandi.

Belgilangan vazifalarni bajarish maqsadida Iqtisodiyot va moliya vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturi birgalikda Islom taraqqiyot banki (ITB) moliyaviy ko‘magida «Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish» loyihasining 2024-2028 yillarda Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari 21 tumanidagi 157 mahallani qamrab oladigan ikkinchi bosqichini ishga tushirmoqda.

Yangi loyiha yo‘l-transport infratuzilmasi, muhandislik-kommunikasiya tarmoqlari, elektr ta’minoti tizimlarini takomillashtirish, bolalar bog‘chalari, maktablar va qishloq poliklinikalari kabi ijtimoiy soha ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilishda resurs tejovchi va ekologik toza texnologiyalarni qo‘llash orqali qishloq aholisining turmush darajasini oshirishga qaratilgan.

Shuningdek, tegishli yashil va energiya tejamkor hamda raqamli yechimlardan foydalangan holda qishloqlarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda arxitektorlar, muhandislar jamoalari, mahalliy hokimiyat organlari va boshqa manfaatdor tomonlarning imkoniyatlarini kengaytirish va salohiyatini mustahkamlash rejalashtirilgan.

Mazkur loyiha qurilish va sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirish uchun asos bo‘ladigan mahallalarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish orqali jamoalarga o‘z rivojlanish ustuvorliklari va ehtiyojlarini aniqlash imkonini berishi kutilmoqda.

Loyihani amalga oshirish natijasida 622 mingdan ziyod qishloq aholisining turmush sharoiti yaxshilanishi rejalashtirilgan.

Loyihaning 2022 yildan to hozirgi kungacha amal qilayotgan birinchi bosqichi ham xuddi shunday vazifalarni qo‘ygan bo‘lib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlarining 20 ta maqsadli tumanlarida 170 ta mahalla fuqarolar yig‘inidagi qishloq aholisining turmush darajasini, hamda aholining kasbiy malakasini oshirish maqsadida chekka qishloqlarda ham ob’ektlarni qurish va ta’mirlash ishlarini o‘z ichiga olgan. Ayni paytda mahalliy aholining faol ishtirokida 2024-2025 yillarda quriladigan yoki rekonstruksiya qilinadigan 900 ta kichik loyiha tanlab olindi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!