BMT Isroilning noqonuniy aholi punktlari bilan bog‘liq kompaniyalarning yangilangan ro‘yxatini e’lon qildi
Falastin dunyodagi kompaniyalarni BMT Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi tomonidan yangilangan ma’lumotlar bazasiga kiritilgan korxonalar bilan munosabatlarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Ushbu kompaniyalar ishg‘ol qilingan Falastin hududidagi Isroil aholi punktlari bilan bog‘liq faoliyatda ishtirok etgan.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi 158 ta kompaniya ko‘rsatilgan hisobotni e’lon qildi. Ularning 61 tasi ro‘yxatga birinchi marta kiritilgan. Ro‘yxatdan Expedia, TripAdvisor, Airbnb, Altice va Motorola kabi mashhur servis va korporasiyalar ham o‘rin olgan.
Hisobotda bosh qarorgohlari Kanada, Xitoy, Fransiya, Germaniya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Portugaliya, Ispaniya, Buyuk Britaniya va AQShda joylashgan kompaniyalar ham qayd etilgan.
BMT Inson huquqlari kengashi yig‘ilishida Ibrohim Krayshi: «Hozirgi bosqichda ro‘yxatdagi ko‘plab korxonalar turli mamlakatlardagi tashkilotlar bilan aloqador bo‘lgan Isroil kompaniyalari ekani yaqqol ko‘rinib turibdi», — dedi.
U, shuningdek: «Ushbu Isroil kompaniyalari bilan hamkorlik qilayotgan har qanday korxona bu munosabatlarni qayta ko‘rib chiqishi zarur», — deb qo‘shimcha qildi.
Hisobotning yangilangan versiyasidan avval ro‘yxatga kiritilgan ettita kompaniya, jumladan eDreams va Opodo, chiqarib tashlandi. BMT idorasi ularning mazkur faoliyatdagi ishtiroki to‘xtagani haqida asosli xulosaga kelgan.
