Bloomberg: AQSh zarbalari Eronning raketa va dron salohiyatini yo‘q qila olmadi
G‘arb razvedka manbalari baholashiga ko‘ra, AQSh va Isroilning bir necha oy davom etgan hujumlariga qaramay, Eron raketa va uchuvchisiz uchish apparatlari ishlab chiqarish infratuzilmasining salmoqli qismini saqlab qolgan. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Manbalardan birining ta’kidlashicha, Eronda hali ham katta miqdorda ballistik va kemalarga qarshi raketalar zaxirasi mavjud. Mamlakat qisqa muddat ichida ular sonini oshirish imkoniyatiga ham ega.
Bu baholar AQSh prezidenti Donald Tramp va uning ma’muriyati vakillarining Eron harbiy salohiyati butunlay yo‘q qilingani haqidagi bayonotlariga zid keladi. AQShning urush vaziri Pit Hegset ham 30 sentyabrda Eronning harbiy sanoat quvvatlari va mudofaa infratuzilmasi to‘liq bartaraf etilganini da’vo qilgan edi.
Oq uy esa razvedka manbalarining baholariga qo‘shilmadi. Ma’muriyat matbuot kotibi Anna Kellining ta’kidlashicha, AQSh operasiyalari Eronning yadroviy ob’ektlari, ballistik raketalar ishlab chiqarish quvvatlari va dengiz harbiy salohiyatining bir qismini yo‘q qilgan.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, janglar boshlanganidan beri Eron minglab raketa va dronlarni qo‘llagan. Tahlilchilar buni mamlakatning hali ham amaliy harbiy salohiyatga va qurol ishlab chiqarish imkoniyatlariga ega ekanining belgisi sifatida baholamoqda.
«Tinch okeani forumi» tahlil markazining katta ilmiy xodimi Uilyam Alberkning qayd etishicha, Eron so‘nggi yillarda qanotli va kemalarga qarshi raketalarning katta zaxirasini to‘plagan hamda ularni himoyalangan joylarda saqlagan. Shu bois hozirgacha namoyish etilgan imkoniyatlar mamlakatning haqiqiy harbiy salohiyatining faqat bir qismini aks ettirishi mumkin.
Buyuk Britaniya Qirollik birlashgan mudofaa tadqiqotlari instituti ilmiy xodimi Siddhart Kaushal ham Eronda kemalarga qarshi raketalarning katta zaxirasi saqlanib qolgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidladi. Uning fikricha, bunday raketalarni ishlab chiqarish nisbatan oson va ishlab chiqarish liniyalarining katta qismi mamlakatning o‘zida joylashgan.
Mutaxassis, shuningdek, Eron janubidagi geografik sharoitlar harbiy ob’ektlarni havo hujumlaridan himoya qilish uchun tabiiy pana joylar yaratishini qayd etdi.
