Bizning olimlar ixtiro va kashfiyotlarni tushlarida qilishmoqdami?

Bizning olimlar ixtiro va kashfiyotlarni tushlarida qilishmoqdami?

Internet sahifalariga nazar solganimizda dunyo xabarlari ichida xorijiy olim va mutaxassislarning qandaydir noyob kashfiyotlari yoki fanda erishgan yutuqlarini o‘qib qolamiz. 

Bundan gohida hayratlansak, gohida nega bizning olimlar-u fan doktorlarning kashfiyotlarini bilmaymiz, degan xayolga boramiz. 

Rivojlangan davlatlarda ilm-fanga e’tibor kuchli ekanligi, ular erishayotgan innovasion yutuqlar hamda ixtiro va kashfiyotlarning yaratilayotganini guvohi bo‘lib borayapmiz. 

Xo‘sh, mamlakatimizda bu boradagi ishlar qay ahvolda?!

Ilm-fan va innovasiyalar rivojiga hissa qo‘shayotgan olimlar, mutaxassislar, fan namoyondalarining nomlarini xorijiy OAVlar u yoqda tursin, hatto mahalliy nashrlarda ham deyarli uchratmaymiz. Bunga qanday mone’liklar bor yoki bizda kashfiyotchilar yo‘qmi? 

Aslida kattaroq yoshli olimlarimizning ko‘pchiligi sobiq Ittifoq davrida o‘qiganligini hisobga olsak, mustaqillik yillaridagi “o‘tish davri”ni bahona qilishga sabab ham qolmaydi. 

Shunday ekan, bizning olimlarning chorak asr davomida “uxlashgani”ni, “uxlatib” quyilganligi anglashiladima’lum bo‘ladi. 

Bu jumboqli siyosat zamirida tushunarsiz maqsadning amalga oshirilishi natijasida na ilm-fanda, na iqtisodiyotda rivojlanish bo‘ldi.

Bugun Prezidentimiz tomonidan boshlab berilgan oshkora boshqaruv siyosati, juda ko‘p sohalardagi kamchiliklar va muammolarni jamoatchilikka ma’lum qilib bormoqda.

Boy berilgan imkoniyatlar, havoga sovurilgan imtiyozlar qancha ekan? 

Byudjetimizdan ilm-fanni rivojlantirishga ajratilayotgan trillionlab mablag‘lar faqatgina ta’lim berishning turli bosqichlaridagi sarfi sifatida ko‘rsatiladi. 

Fanlar akademiyasidagi institutlar, turli innovasion markazlar, xorijiy universitetlarning mamlakatimizdagi filiallari tomonidan yaratilgan ixtiro va kashfiyotlar, ishlanmalar va ilmiy yechimlar bir-birini takrorlashdan nari o‘tmayotganini qanday izohlash mumkin?

Iqtisodiyotimizda agrar sohaning ulkan ishtirokini bilgan holda, qishloq xo‘jaligi va unga yaqin sohalarning ish samaradorligini oshirish borasida hech qanday innovasion yechim yo‘qligi sabab hozirgacha chet el texnikasi uchun millionlab dollar sarflayapmiz.

Agrar sohaning iqtisodiyotimizga qo‘shayotgan ulushining ustuvor dalda ekanligini, aksariyat xalqimizning tirikchilik manbai qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liqligini inobatga olib, mazkur sohada innovasiyalar, investisiyalar, texnologiya markazlarni keng jalb etgan holda don va go‘sht mahsulotlarining bozorlarimizdagi qimmatlashuviga barham berilishi zarur. 

Olimlarimiz “uxlash vaqti” o‘tganini balki endi anglashar?

Prezidentimiz ishlab chiqarish va fan uyg‘unligini ta’minlash zarurligini kun tartibiga dolzarb vazifa qilib qo‘yganiga ham bir necha yil bo‘ldi. 

Xalqimiz ushbu vazifaning natijalarini ko‘rish vaqti keldi! 

Shuhrat Ne’matov


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!