“Biz kurashishda davom etamiz” — mag‘lub bo‘lgan partiyalar saylov natijalariga munosabat bildirishdi
Bugun, 10 iyul kuni XDPdan nomzod Ulug‘bek Inoyatov, Ekologik partiyadan nomzod Abdushukur Hamzayev va “Adolat” SDPdan nomzod Robaxon Maxmudova bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga munosabat bildirishdi.
Abdushukur Hamzayevning aytishicha, partiya bo‘lib o‘tgan saylov va uning natijalarini haqqoniy deb hisoblaydi.
“Biz saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Targ‘ibot ishlarini samarali olib boruvchi 320 dan ortiq targ‘ibot guruhlarini shakllantirdik. Biz saylovda ishtirok etish orqali partiyamizning dasturiy maqsad va vazifalarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishga va a’zolarimiz safimizni kengaytirishga erishdik. Tarafdorlarimizning ishonchi bizga kuch berdi. Biz bundan keyin ham partiyamiz maqsad va vazifalarini ro‘yobga chiqarishga harakat qilamiz va kurashamiz. Saylov natijalarini xalqimizning xohishi va tanlovi sifatida hurmat qilamiz hamda tan olamiz”, — deydi Abdushukur Hamzayev.
Shuningdek, saylovda 4,02 foiz ovoz to‘plab, 3-o‘rinni olgan Ulug‘bek Inoyatov ham saylov yakuni bo‘yicha fikrlarini bildirdi.
“Partiyamiz qonunchilikda kafolatlangan barcha imkoniyatlardan foydalandi. Mamlakatimizning barcha hududlarida saylovchilar bilan uchrashib, o‘zimizning saylov oldi dasturimizni keng targ‘ib qildik. Saylovda fuqarolarimiz o‘zlari munosib deb topgan nomzodga ovoz berishdi. Shu o‘rinda, mening nomzodimni qo‘llab ovoz berganlarga minnatdorchilik bildiraman.
XDP e’lon qilingan saylov natijalarini asosli deb hisoblaydi. Biz saylov oldi dasturimizda bergan va’dalarimizni amalga oshirishga harakatni va siyosiy maydondagi kurashuvni davom ettiramiz. Kelgusi yilda bo‘ladigan parlament va mahalliy kengashlar saylovida alohida tayyorgarlik bilan qatnashamiz”, — deydi Ulug‘bek Inoyatov.
Saylovda ikkinchi o‘rinni olgan yagona ayol nomzod Robaxon Maxmudova ham saylov yuzasidan fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Saylov tashviqoti davomida saylov oldi tashviqotini erkinlik bilan hech qanday to‘siqlarsiz amalga oshirdik. O‘z takliflarimizni keng targ‘ib qilishga erishdik. Biz mazkur caylov natijalarini tan olgan holda uning qonunga muvofiq, adolatli bo‘lganini e’tirof etamiz”, — deydi “Adolat” SDPdan nomzod Robaxon Maxmudova.
