Biz bilgan va bilmagan Koreya

Biz bilgan va bilmagan Koreya

Sof.uz” saytiga bergan intervyuda hamyurtimiz Janubiy Koreyaning Pusan Chet Tillar Universiteti professori Azamat Akbarov mamlakatdagi hayotning o‘ziga xos tomonlari haqida so‘zlab berdi. Suhbat koreyaliklarning o‘zbekistonliklarga bo‘lgan munosabati, o‘qishning afzallik tomonlari, mavjud muammolar hamda ushbu mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurash nima sababdan umummilliy ko‘lam olganligi haqida bo‘ldi.

Koreyaga qanday kelib qoldim?

Ushbu Universitetda 2004-2006 yillarda ishladim va 2006-2009 yillarda Seulda doktoranturada o‘qidim, bu davlatni yaqindan bilaman. Dastlab bu yerga Magistrlik unvoni bilan kelgandim, endilikda esa boy xalqaro tajribaga ega bo‘lgan professor sifatida keldim. Shunday qilib 12 yildan keyin Pusan Chet Tillar Universitetiga amaliy tilshunoslikdan to‘laqonli tadqiqotlar o‘tkazish uchun taklif etishdi. O‘sha davrlarda O‘zbekiston hukumatidan hech qanaqa yordam olmagan bo‘lsam-da, 2004-2009 yillar davomida Koreyaning 60dan ziyod muassasalarida O‘zbekiston haqida seminarlar tashkillashtirdim va YUNESKOning faxriy elchisi bo‘lib faoliyat yuritdim. Ya’ni, bu ishlarni vatanga bo‘lgan muhabbatim va vatanparvarlik hissim asosida bajardim. Universitet ma’muriyati amaliy tilshunoslikda qilgan ishlarimni kuzatib borishayotgan ekanmi, taklifni qabul qildim. Qabul bo‘lishdan oldin 4 bosqichli tekshiruvdan o‘tdim. Bu bosqichlar mening tadqiqot olib borish qobiliyatimni tekshirish, akademik maqolalarni o‘rganish va nihoyat skayp dasturi orqali suhbatdan iborat edi. Men Qozog‘istonda o‘zim ishlab turgan universitet rahbariyatiga o‘z rejalarimni bayon etib, murojaat qildim va ularning ruxsatini olib, Janubiy Koreyaga yo‘l oldim. Bu yerda har bir professorning barcha sharoitlar mavjud bo‘lgan o‘z shaxsiy ofisi mavjud. Tizim hech qanaqa kech qolishlarsiz yoki to‘siqlarsiz bekamu-ko‘st ishlaydi, va har bir inson o‘z vazifalarini yaxshi biladi. Pusan Chet Tillar Universiteti dunyoga turli sohalarda va turli madaniyatlar bo‘yicha bilimlarga ega bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash va tijorat imkoniyatlari tashkil qiluvchi va yer kurrasida 21 asrning eng ilg‘or universitetlaridan biri hisoblanadi. Har bir auditoriya IT uskunalari bilan yuqori darajada jihozlangan va to‘la avtomatlashtirilgan. Shunday qilib, jahonda iqtisod ko‘lami jihatdan 10-o‘rinni egallaydigan mamlakatda ishlashimdan baxtiyor va ko‘plab boshqa chet ellik professorlar qatorida O‘zbekistonning vakili ekanligimdan g‘ururlanaman.

Mening jonajon Koreyam

Bu mamlakatda yashash arzon deya olmayman, ammo qimmat deyishga ham til bormaydi. Koreyaliklar, amerikaliklarday qarzga yashashadi, ipoteka to‘lovlarini va o‘zlarining shinam hayotlari xarajatini juda past foiz evaziga to‘lab borishadi. Biroq, qimmatbaho avtomobillarda yurishadi, elita restoranlarda ovqatlanishadi va juda ham qulay kvartira/xonadonlarda yashashadi. Janubiy Koreyada o‘rtacha maosh oyiga 2000 dollar atrofida. Eng qimmat narsalar - yashash joyi va oziq-ovqat. Xonadon/kvartira uchun bir oyda 500 dollardan ko‘proq xarajat sarf bo‘ladi.

Koreyaliklar juda ham vatanparvar insonlar. Janubiy Koreya bir mamlakat va bir millatdan iborat. Bu holat darhol ko‘zga yaqqol tashlanadi. O‘zbekiston esa ko‘plab millat vakillari yashab kelayotgan ko‘p madaniyatli mamlakat. Janubiy Koreya - monodavlat. Tarixan shunday sodir bo‘lgan. Notanish mamlakatning madaniyati va tili bilan yaqindan tanishishni boshlaganda hamma narsa juda ham g‘ayrioddiy tuyuladi. Masalan, koreyaliklar “mening onam” deyishmaydi. Agar ular qo‘llaydigan ibora bizga ko‘chib o‘tsa, “bizning onamiz” degan ma’noni bergan bo‘lur edi.U yerda “mening mamlakatim” deyilmaydi, chunki koreyalikar uchun ularning barchalari bitta madaniyatga taalluqli ekanliklarini ta’kidlash muhim va shuning uchun “bizning mamlakatimiz” deydi, bu ibora koreys tilida “uri nara” deb talaffuz qilinadi.

Koreyaliklar tabiatidagi o‘ziga xosliklar

Ularning tezkorligi va hamma ishda bekamu ko‘st bo‘lishga intilishlariga ko‘nikish eng qiyin ish. Koreyaliklar ishlashayotganda boshlagan ishni tezroq tugatishga harakat qilishadi. Biror ishni tugatish qiyinchilik tug‘dirsa, albatta tugatish uchun ishdan keyin qolishadi. Nafaqat tugatish, balki bekamu ko‘st tugatish. O‘qishda ham ushbu qoidaga rioya qilinadi. Agar ingliz tilini o‘rganishga bel bog‘lasa, koreyalik erkin gapirishni o‘rganmaguncha o‘rganishda davom etadi. O‘rganayotgan vaqtida esa savollarga umuman javob bermaydi, ularni ketma ket o‘tkazib yuboraveradi, chunki noo‘rin javob berishni xohlamaydi.

Qiyinchiliklar

O‘zbekistonliklar uchun Koreyadagi hayotga o‘rganish osonmas. Albatta buning bir necha sabablari bor. Birinchidan, Koreya ovqatlari. Koreyada asosan cho‘chqa go‘shti tanovul qilishadi, qora choy ichishmaydi, juda kӯp alkogol ichishadi, aytish mumkinki, non deyarli yeyishmaydi, chunki non desert ovqat hisoblanadi.

Ikkinchidan, ularning tilini bilish zaruriyati. Koreyaliklar bolaliklaridan ingliz tilini o‘rganishsada, faqat ona tillarida so‘zlashishadi. Uchinchidan, uy-joy muammosi. Xonadon/kvartirani ijaraga olish uchun, oylik to‘lovdan tashqari garovga ham pul to‘lash lozim (odatda besh ming dollardan boshlanadi). Albatta, ijara haqini arzonroq va garovsiz kelishib olishning ham imkoni bor, masala xonadon egasi bilan umumiy til topishga bog‘liq bo‘ladi. Aksar hollarda qo‘shimcha haq to‘lash zarur bo‘ladi. Ijara muddati tugagach, bu to‘lov ijarachiga qaytarib beriladi.

Koreyada ishlash

​Koreyada minglab o‘zbekistonliklar ӯqishadi, asosan grantsiz va ӯz hisobidan bir semestrda ӯrtacha 2500-3000 dollar tulashadi. Albatta bu mamlakatga minglab hamyurtlarimiz ishlash uchun kelishadi. Yigitlar, qizlar, oilaviy juftliklar kelishadi. Ularning asosiy maqsadi – ish. Zavodda (mabodo u yerda ishga kirishga erishilsa), bizning odamlar 2000-2500 dollar oylik maosh olishadi. Qurilish uchun ham ishchi kuchi zarur. Koreyaliklarning o‘zlari qurilishdagi ishni iflos, xavfli va og‘ir deb hisoblashadi va qurilishda ishlashmaydi. Odatda qurilish sohasida filippinlik, vyetnamlik va MDH davlatlari mehnat muhojirlari ishlashadi. Agar biror kompaniya Koreyada ishga qabul haqida e’lon qilsa, «qo‘chada yalang‘och tashlab ketishi» mumkin bo‘lgan rekuterlar bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Bunaqa holat bir necha marta sodir bo‘lgan. Bunaqalar o‘z xizmatlari uchun katta pul talab qilishadi, qariyb 1500-2000 dollar atrofida. Biroq, hech kim «hamma ishlar joyida bo‘lib, siz albatta ishga qabul qilinishingiz» haqida kafolat bermaydi.

Aeroportlarda O‘zbekiston fuqarolarini nazoratdan o‘tkazish kuchaytirilgan. Mahalliy bojxona xodimlari 20-40 yoshli yigitlarga shubha bilan qarashadi. Ularni sinchkovlik bilan tekshirishadi, biror kamchilik topilgan holda O‘zbekistonga qaytarib yuborishadi. Eng kamida 15 nafar hamyurtlarimizni pasport nazoratidan o‘tkazmay, maxsus xonaga so‘roq qilish uchun taklif qilganlariga shaxsan guvoh bo‘lganman.

Koreyaliklar O‘zbekiston haqida nimani bilishadi

Shaxsiy tajribamdan: Koreyada ko‘pchilik O‘zbekiston haqida eshitgan, ammo mamlakat nomidan boshqa aytarli ma’lumotga ega emas. O‘zbekistonliklar bilan birga ishlagan yoki O‘zbekistonga kelib ketgan shaxslar mamlakatimiz haqida ancha ma’lumotlarga ega. Bundaylar soni yildan yilga ortib bormoqda.

Ba’zilar O‘zbekistonni Yaqin Sharq bilan adashtiradi. Ba’zilar esa “nom oxirida “iston” qo‘shimchasini eshitib, Pokiston va Afg‘oniston bilan qo‘shni bo‘lsa kerak, deb taxmin qilishadi.

Koreyaliklar mendan O‘zbekiston haqida so‘rashsa, ularga mamlakatimizni tarixiy boyligi, ko‘plab paxta yetishtirilishi, boy gaz, meva-sabzavot va boshqa tabiiy resurslar zaxiralari borligini so‘zlab beraman. Samarqand va Buxoro haqidagi reklama video-roliklarini ko‘rsataman va bu materiallarni tomosha qilgach, koreyaliklarda O‘zbekistonga borish niyati tug‘iladi. Ularga ishonch va do‘stlik belgisi sifatida hukumatimiz viza olish talabini bekor qilganini va koreyaliklar yurtimizga vizasiz bemalol kelishlarini aytaman. Mamlakatimiz turistik sohasi O‘zbekistonga koreyaliklarni ko‘proq jalb qilish ishida o‘z hissasini qo‘shadi degan umiddaman.

Korrupsiya bilan kurash — ijtimoiy g‘oya

Janubiy Koreyada korrupsiya bilan kurash nazorat ostidan chiqib, siyosiy o‘yinchilar qo‘lida qurolga aylanib ketgan edi. Tasavvur qilib ko‘ring-da, Janubiy Koreya dunyoda o‘z sobiq prezidentlaridan ikki nafari va ularning o‘g‘illarini dastlab sudlanuvchilar kursisiga va so‘ng qamoqxonaga jo‘natgan yagona mamlakat hisoblanadi. Korrupsiya aybi bilan qamoqqa olingan oddiy davlat ximatchilarining son-sanog‘i yo‘q. Boshqa tomondan qaraganda, bu mamlakatda korrupsiya muammosi mavjud emas. Mabodo biroz shubha paydo bo‘ladigan bo‘lsa, muxolifat va jamoatchilik fikri bosimi ostida ish mantiqiy yakuniga yetkaziladi. Natijada, Janubiy Koreyada korrupsiyaga qarshi kurash umummilliy ishga aylangan va ijtimoiy ideologiya darajasiga yetkazilgan.

Manba: sof.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!