Binyamin Netanyaxu nomzodi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga ilgari surildi

Binyamin Netanyaxu nomzodi tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga ilgari surildi

Italiya parlamenti deputatlar palatasining “Shimol ligasi” partiyasidan a’zosi Paolo Grimoldi Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning nomzodini tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga ilgari surdi. Bu haqda Isroilning “Maariv” nashri ma’lum qildi. 

Grimoldining ta’kidlashicha, Isroil bosh vaziri BAA va Bahrayn bilan munosabatlar yaxshilanishi haqidagi kelishuvlarni imzolab hamda Saudiya Arabistoni bilan muloqotdagi ilgarilash bilan Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatilishiga katta hissa qo‘shdi. “Bu barcha yutuqlarni bir necha oy oldin xayolga ham keltirib bo‘lmasdi. Aynan shuning uchun ham Netanyaxu tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotini olishga munosib”, deb aytgan italiyalik deputat.

15 sentyabrda Vashingtonda AQSh prezidenti Donald Tramp ishtirokida Isroilning BAA va Bahrayn bilan tarixiy kelishuvlarni imzolashi marosimi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, ushbu uchta davlat AQSh bilan birga “Avraam kelishuvini” imzoladi. Bu hujjatda Yaqin Sharqda tinchlikni va dinlararo muloqotni mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlar rag‘batlantirilishi ta’kidlab o‘tilgan.

Avvalroq Norvegiyaning Kongress partiyasi a’zosi Kristiana Tyubringa-Yedde AQSh prezidenti Donald Trampning nomzodini Isroil va arab davlatlarining kelishuvga erishishidagi sa’y-harakatlari uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga ilgari surgandi. Bundan tashqari, Shvesiya parlamenti a’zosi Magnus Yakobsson ham Trampni va Serbiya hamda Kosovo hukumatlarini “tinchlikka erishish va iqtisodiy rivojlanishdagi” birgalikdagi ishi uchun ushbu mukofotga ilgari surdi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!