«Berlin – Oqqo‘rg‘on» filmi: yutuq va kamchiliklar (video)

A A A
«Berlin – Oqqo‘rg‘on» filmi: yutuq va kamchiliklar (video)

Kinotanqidchilar tomoniga aytiladigan e’tirozlar ichida eng ko‘p yangraydiganlaridan biri Kinoni Musoqov olsa tamom, maqtayverasizlar . Balki bu gapda jon bordir. Lekin boshidan aytib qo‘yay men musoqovchi emasman. Aytaylik, uning urush haqidagi boshqa bir filmi Vatan meni hech narsasi bilan hayron qoldira olmagan. Lekin 19 dekabr kuni premyerasi bo‘lib o‘tgan Berlin Oqqo‘rg‘on menda chuqur taassurot qoldirdi. Kinoteatrdan chiqiboq qog‘oz qoralab, maqtovlarni qalashtirib tashlagim keldi shuning uchun ham o‘zimni tiyib, vaqt o‘tishini kutdim. Endi, sovuq kallaga nima yoqdi-yu, nima yoqmadi batafsil tushuntirishga harakat qilaman.

Ta’kidlab o‘tish kerak bo‘lgan birinchi narsa ko‘rib chiqilayotgan film avvalambor san’at asari, tomoshabinni zavqlantirib, kassa to‘plashga qaratilgan blokbaster emas. Shunga qaramay, u keng omma tushunadigan yo‘sinda, zamonaviy va tomoshabop qilib olingan. Bu ikki jihatni o‘zida jipslashtiradigan filmlar o‘zbek kinematografida yo‘q hisobi: aqlli filmlar artxaus formatida, zerikarli qilib olinadi, tomoshabop filmlarda esa ma’no-mantiq o‘lib ketadi.

Ikkinchi jihat san’at asari mukammal bo‘lmasligi ham mumkin. Bu bilan film kamchiliklardan xoli emas demoqchiman. O‘zi mukammal film olish deyarli imkonsiz. Asosiysi rejissyorda g‘oya bo‘lgan, u o‘z oldiga konkret ijodiy vazifa qo‘ygan va, ayrim kamchiliklar bilan bo‘lsa ham, bu vazifani uddalagan.

Yutuqlar

Zulfiqor Musoqov tanqidchilaridan ko‘p eshitganim e’tirozlardan yana biri u har qancha chiroyli va ma’noli filmlar olmasin, ijodkor sifatida o‘smayapti, yangi filmlarida eski topilmalarini va priyomlarini takrorlayapti. Berlin Oqqo‘rg‘on bu e’tirozlarga javob o‘laroq Musoqovning o‘sishini ham ko‘rsatadigan ishdir.

Bu birinchi galda kartinaning kompozision qurilishida ko‘rinadi. Film epilogida inson xotirasi ko‘rpa quroqlari misol uzuq-yuluq esdaliklardan iboratligi haqida hayotiy passaj keltiriladi (quroq ko‘rpa fonida). So‘ng inson xotirasining mana shu xususiyati kino strukturasiga ko‘chiriladi, bu bilan rejissyor o‘z ijod mahsuli mohiyatan xotiralar in’ikosi ekanligiga ishora qiladi. Asar tanasini tashkil etuvchi syujet liniyalari (Oqqo‘rg‘ondagi I.V. Stalin kolxozi front; Berlindagi ikki oila Kichik Deboraning qasosi; Stalin; Gitler; Maryam Yoqubova Vsevolod Meyerxold Zinaida Rays Mixail Chexov) yana fragmentlarga bo‘linib, sochib yuboriladi. Mana shunday zamon va makon aralashuvi sekinlik bilan tartibga kelib, pirovardida chiroyli mozaika hosil qiladi.

Syujet bir-biriga bevosita bog‘liq bo‘lmagan bir qancha liniyalardan tashkil topishi meksikalik rejissyor Alexandro Inyarrituning eng yaxshi filmi (garchi uni ko‘proq Di Kaprio ishtirokidagi Omon qolgan blokbasteri tufayli tanishsa-da) Bobil ga o‘xshab ketgan bo‘lsa, bu liniyalar zamon va makonda aralashtirib yuborilishi Kristofer Nolan ijodini eslatib yubordi. Buni qarangki, Nolan ham bir yil muqaddam urush mavzusiga qo‘l urib, Dyunkerk shedevrini yaratgandi.

Menda film assosiasiyalar uyg‘otgan yana bir san’at asari Aleksandr Chakovskiyning Qamal romani. Beshta kitobdan iborat ushbu epopeya urush yillari yashagan, bir-biri bilan axyon-axyonda uchrashib qoladigan, biroq tarix taqozosi bilan mustahkam bog‘langan o‘nlab taqdirlardan hikoya qiladi. Lekin kitobda bayonning chek-chegarasi yo‘q, kinoda esa xronometrajni hisobga olmasa bo‘lmaydi. Shunday ekan, 100 daqiqa davom etadigan filmda o‘nlab personajlarni ochib berishga vaqt yetmasligi mumkin. Bu muammoni hal qilish uchun ijodkorlar odatda hujjatli bayonga murojaat etadi, ya’ni katta-katta voqealar hujjatli filmlardagidek kadr ortidagi ovoz bilan tavsiflanib, o‘tkazib yuboriladi. Berlin Oqqo‘rg‘on da ham hujjatli epizodlar bor, lekin ular uncha ko‘p bo‘lmagani uchun badiiyatga jiddiy ta’sir ko‘rsatmagan.

Nisbatan kam vaqt ichida ko‘plab obrazlarni ochib berishda qo‘l keladigan yana ikki jihat bor. Birinchidan, aktyorlarning ko‘pchiligi (hammasi emas bu haqda keyinroq gaplashamiz) o‘z rollarini mahorat bilan ijro etgan, tuyg‘ular ishonarli ko‘rsatilgan. Ikkinchidan, filmning tarixiyligi ishni ancha osonlashtirgan, negaki tarixiy filmning kontekstini, qahramonlar yashayotgan olamning shart-sharoitini tushuntirishga ekran vaqtini sarflash shart emas, tomoshabin buni taxminan biladi, qahramonlarning his-tuyg‘ularini shundan kelib chiqib talqin qiladi, umuman, nimani ko‘rishini oldindan biladi va shunga tayyorgarlik ko‘rib keladi.

Operator ishi Musoqov uslubidagi o‘zgarishlarni yanada yaqqol ko‘rsatib beradi. Ochig‘i, uning filmlaridagi uzoq statik kadrlar film dinamikasini sekinlashtirib yuborar edi. O‘zbek kinochiligida azaldan uzun kadrlarga moyillik bor bu asl kinematografik kadr bo‘lgani bois televideniyedan kirib kelgan qisqa kadrlarga ehtiyotkorlik bilan qaraladi. Lekin bu safar dinamik kadrlar va yirik planlar juda ko‘p bo‘lib, bu film syujeti tez yurishiga yordam bergan.

Bundan tashqari, muallif kino tilidan ham unumli foydalangan ayrim epizodlar rangli, ayrimlari oq-qora tusda bo‘lishi, qahramonlarning nigohlari, kerakli harakatlarni ilib oladigan yirik planlar, ramzlar (kolxoz Stalin nomiga qo‘yilgani, svastika tushirilgan ulkan bayroq yahudiylarning parda ortidan bo‘sa amaliga xizmat qilishi va hokazo) shunchaki bir voqeani ko‘rsatib bermay, unga qo‘shimcha ma’no ham yuklagan.

Rejissura, postanovka, operatorlik ishi, aktyorlik ishidan tashqari, kinoning umumiy sifatini baholaydigan yana bir qancha kriteriylar bor. Ustoz Hamidulla Akbarovning o‘rgatishicha, film syujeti qiziqarli ekanligini tushunishning oson yo‘li bitta-ikkita epizod tushib qolsa, umumiy ma’no tushunarsiz bo‘lib qoladi; filmning o‘ziga xosligini baholashning oson yo‘li eng muhim epizodlarni (idealda butun syujetni) boshqa zamonga va makonga ko‘chirishning imkoni bo‘lmasligi kerak. Berlin Oqqo‘rg‘on da mana shunday epizodlar bor. Masalan, meni o‘ziga maftun etgan bir sahnada Qo‘zivoy Shodiyev (Hasan Shuhratov) o‘rmon ichida bekinib, o‘zbekcha qo‘shiq ayta boshlaydi, fashistlar bundan vahimaga tushib, himoya marralarini egallaydi, so‘ng Qo‘zivoy ularni birin-ketin o‘qqa tutadi.

Kinematografik yumushdan tashqari, loyiha ustida katta intellektual ish olib borilgani ko‘rinib turibdi: tarixiy manbalar o‘rganilgan (arxiv hujjatlari, suratlar keltiriladi), o‘sha davrda yashagan oddiy odamlar tarixiy shaxslarning biografiyasi tiklangan (hujjatlar va intervyular yordamida bo‘lsa kerak), zamonga xos buyumlar, kiyimlar va umumiy atmosfera tiklangan. Qahramonlarning bari o‘z tilida (nemis, rus, o‘zbek, qozoq), Stalin (Nugzar Davitashvili) esa umuman gruzincha tallafuz bilan gapiradi. Buning bari realizm darajasini oshiradi.

Stalin yaxshi bola bo‘lganmi?

Film ekranga chiqishidan oldin ham, jurnalistlar va blogerlar uchun yopiq namoyish o‘tkazilgandan so‘ng ham ko‘p bahslarni keltirib chiqargan masala Stalin obrazi bo‘ldi. Ayrimlar Zulfiqor Musoqov Stalinni ijobiy tarafdan ko‘rsatgani, umuman, ideallashtirgani haqida gapirdi.

Bu narsani miyamda saqlab, tayyor bo‘lib premyeraga kirdim, ammo Stalin ijobiy qahramon degan xulosaga kelmadim. To‘g‘ri, kolxoz aholisi sahnada Stalinni ko‘rib, hayajonga tushadi, unga talpinadi; Qo‘zivoy Shodiyev ham qarigan chog‘da devorga uning suratini osib qo‘yadi, suratni tushirib yuborgan nabirasiga jahl qiladi. Lekin bu, menimcha, Stalinga rejissyorning emas, personajlarning munosabatini aks ettiradi. Dohiy ni yaxshi ko‘rishgani, ilohiylashtirishgani bor gap. U o‘lganda xalq yig‘lagani ham haqiqat. Yigirma yilgina muqaddam xonlikdan chiqqan, endilikda esa bolshevistik diktatura sharoitida, tinimsiz propaganda ichida yashayotgan savodsiz va och-nahor xalqqa buning uchun ayblov qo‘yish, menimcha, to‘g‘ri bo‘lmaydi.

Aslida kinoda Stalin rejimining teskari tomonlari ham ko‘rsatib ketiladi. Eri arzimas sabablarga ko‘ra xalq dushmani sifatida qamab tashlanib, xotini va qizi Oqqo‘rg‘onga surgun qilingan Norboyevlar oilasi; san’atkor bo‘la turib siyosat qurboniga aylangan Meyerxold (Grigoriy Goldman) va Rays (Kristina Korubko) juftligi, Sibir sovug‘ida g‘ayriinsoniy sharoitda saqlanayotgan tutqunlar... Hatto Gitler va Stalinga xalqning munosabati, shaxsga sig‘inish unsurlari (hamma yerda ikki dohiy ning surati) bir xil ko‘rsatiladi. Menimcha, bu tomoshabin xulosa qilib olishi uchun, o‘sha zamon siyosatining asl qiyofasini tushunishi uchun yetarli. Stalin shaxsining o‘ziga keladigan bo‘lsak, nafaqat u, balki Gitler (Rudolf Shvarsenberg) ham ancha bosiq va aqlli qilib tasvirlangan, va bu narsa tarixiy haqiqatga mos keladi. Shaxsiy hayotda, bilsangiz, yomon odamning o‘zi yo‘q: hammamiz ham suyukli farzand, mehribon ota, ardoqli yormiz. Insonni insoniylikdan chiqaradigan, bo‘linish va adovatni keltirib chiqaradigan narsa bu g‘oya. Ajoyib do‘st va oila a’zosi bo‘lmish shaxsning miyasiga biror-bir siyosiy, milliy, irqiy va hokazo g‘oya o‘rnashib qolsa bormi, u odamlarni o‘zimizniki va begona ga ajrata boshlaydi, bu bo‘linish axiyri qonli ixtiloflarga olib keladi. Bolshevizm ham, nasizm ham mana shunday bo‘linishga, qarshi qo‘yishga asoslangan ideologiyalar edi.

To‘g‘ri, filmda bolshevizmning jinoyatlariga nasizm jinoyatlariga nisbatan kam e’tibor qaratilgan. Nasizm, antisemitizm, xolokost mavzulariga butun boshli syujet chizig‘i bag‘ishlangan. Lekin buni bir tomonni oqlash deb tushunmaslik kerak. Nasizm jinoyatlari zinhor bolshevizm jinoyatlarining ko‘lamini kamaytirib qo‘ymaydi. Gitler SSSRga hujum qilgan kuni, 1941 yil 22 iyunda so‘zlagan nutqida Cherchill ham nasizm rejimini kommunizmning eng yomon illatlaridan ajratib bo‘lmasligi ni, lekin ayni paytda u o‘z vatani ostonasini qo‘riqlab turgan rus askarinigina ko‘rayotganini va shu bois madaniyatli insoniyat SSSRga yordam berishi lozimligini ta’kidlab o‘tgan edi. Filmda ham shuni eslatuvchi nuqtai nazar Stalinga bo‘lgan ziddiyatli munosabat va Ikkinchi jahon urushiga romantik yondashuv aks etgan.

Gap shundaki, o‘z yeridan, qishlog‘idan, oilasidan uzib olinib, frontga olib ketilgan yoshlarning jangovar ruhini ko‘tarish uchun ularga vatan, Stalin, g‘alaba, kommunizm singari tushunchalar yonma-yon qo‘yib singdirilgan. Vatanni Stalin bilan, g‘alabani uning dono qarorlari bilan bog‘lash odat bo‘lib qolganki, hatto siyosat qurbonlari bo‘lgan odamlar ham dohiy ni yaxshi ko‘rishda davom etgan. Bu propagandaning keng tarqalgan priyomlari bo‘lib, ular bilan bugun ham to‘qnash kelamiz. Bir imzo bilan taqdirlarni o‘zgartirib yuborgan, butun boshli avlodlarning yoshligi va salohiyatini qurbon qilgan va ayni damda ommaning mehrini qozongan mayda dohiycha lar bugun kam deb o‘ylaysizmi?

Filmda mana shunday holat ko‘rsatib berilgan: Qo‘zivoyning ishqi qatag‘on qurboni bo‘lmish qizga Gulshoda Norboyevaga (Rayhon Asadova) tushadi, so‘ng qiz hech qanday sababsiz o‘n yillik qamoqqa hukm qilinadi; Qo‘zivoy bu hukmga qarshi chiqib, qizni qutqarib qoladi; shuncha ishlarga qaramay, Qo‘zivoy keksalik chog‘ida (Ahror Rahimov) ham Stalinni o‘z dohiysi deb biladi. Bu individual qarash, bir kishining nuqtai nazari. U tarix xulosasiga mos kelmasligi mumkin.

Tarix esa allaqachon Stalinga ham, Gitlerga ham yetarli baho berib bo‘lgan. Bu ikkisi ham insoniyat tarixidagi eng yovuz rahnamolardan sanaladi. SSSRda ham Reyx konslagerlaridan qolishmaydigan konslagerlarda o‘n minglab odamlar g‘ayriinsoniy sharoitda saqlangan; Stalin davrida mamlakat hududidagi barcha millatlarning ziyoli qatlami yo‘q qilingan, millionlab odamlar o‘ldirilgan, o‘n millionlab odamlarning taqdiri sindirib yuborilgan. Doimiy ochlikda, urush girdobida, siyosiy qatag‘onlar sharoitida yashagan odamlar esa bu qiyinchiliklarning tub ildizi haqida o‘ylab ko‘rishga har doim ham ulgurmagan, zero propaganda ularga Stalinning dohiyligini singdirgan. Bunday misollarni bugun ham o‘z atrofimizda ko‘rishimiz mumkin. O‘z oilamdan misol keltirsam. Bobom 40-yillarda Stalingrad ostonasidagi janglarda qatnashayotganida uning xalqi qrimtatarlar, 200 mingdan ortiqroq odam soxta ayblov bilan deportasiya qilindi. Ularning yarmiga yaqini ochlikdan va kasalliklardan qirilib ketdi, qolgani esa dalalarga uysiz va ovqatsiz tashlab ketildi; mahalliy aholi ularga ovqat berishi taqiqlandi; maktablardan bolalar olib kelinib, qrimtatarlar ularga xalq dushmanlari sifatida ko‘rsatildi, qariyalar va ayollar kaltaklatildi. Mana shunday kulfatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bobom, shularga qaramay, umrining oxirigacha kommunizmga sodiq qoldi. Bugungi ilg‘or, rivojlangan zamon balandligidan turib bobom to‘g‘ri yo noto‘g‘ri qilgan deya baho berishim o‘rinli bo‘larmikin?

Stalin haqidagi xotiraning ardoqlanishi, yuqorida aytilganidek, Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba bilan ham bog‘liq. Bu ikki tushuncha bir-biriga chambarchas bog‘lanib ketganki, ayrimlar ularni ayro tasavvur etolmaydi. Bugungi tarixchilikda bu boradagi fikrlar ham ziddiyatli. Ko‘pgina zamonaviy tarixchilar aslida bu ikki buyuk yovuzlik o‘rtasidagi kurash bo‘lganini, kichikroq yovuzlik kattarog‘ini yenganini, o‘zbeklar, tojiklar, ozarbayjonlar va boshqalar shunchaki o‘z mustamlakachilariga old safdagi arzon kuch ( pushechnoye myaso ) bo‘lib xizmat qilganini, g‘alaba SSSR xalqlarini baxtli qilib yubormaganini, aksincha, qatag‘onlar, ochlik va inqirozlar davom etganini e’tirof etadi. Bunday baho, tabiiyki, ayrimlarning jahlini chiqarishi mumkin, axir ular uchun g‘alaba yaqin tarixdagi eng buyuk voqea va faxr-iftixor manbai bo‘lib qolgan.

Filmda Ikkinchi jahon urushi aynan shu nuqtai nazardan ko‘rib chiqiladi. Hatto shu yo‘nalishdagi argumentlar keltiriladi. Masalan, Qo‘zivoy tushida qishlog‘iga fashistlar kelib, yaqinlarini (Seydulla Moldaxanov, Ra’no Shodiyeva, Rayhon Asadova, Mahliyo Asqaraliyeva, Fathulla Mas’udov ijrosida) o‘ldirishini ko‘rib, cho‘chib tushadi va jang qilishga kuch topadi ( fashistlar sening uyingga ham yetib boradi degan ritorika bolsheviklar tomonidan askarlarning ruhini ko‘tarishda ko‘p qo‘llanilgan); bundan tashqari, Reyxning bir hujjati tilga olinadi ushbu hujjatda aytilishicha, yuzdan ortiq xalq, ular orasida ruslar, ukrainlar, o‘zbeklar va boshqalar yuz foiz qirib tashlanishi nasistlarning rejasida belgilangan ekan. Bu hujjatni ayrim rus tarixchilari bayroq qilib, shu yo‘l bilan g‘alabaning ahamiyatini yanada oshirib ko‘rsatishga (xuddi ahamiyati busiz kamday) harakat qiladi, lekin jahon tarixchiligi bu borada ham ziddiyatli fikrlarga to‘la.

Aslida Gitler, kinoning o‘zida ham aytib o‘tilganidek, ancha bosiq, aqlli va ayyor siyosatchi bo‘lgan. Ko‘pgina telba-teskari rejalar populizm uchungina e’lon qilingan, nasist elitasining o‘zida esa o‘ta pragmatik, aqlli loyihalar muhokama qilingan. Shu boisdan ham yuqorida tilga olingan hujjatga ko‘pgina tarixchilar katta shubha bilan qaraydi.

Ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida mazkur davr bo‘yicha O‘rta Osiyoning eng yirik mutaxassislaridan biri, tojik tarixchisi Kamoliddin Abdullayevga murojaat qildim. Qirib yuborilishi lozim bo‘lgan xalqlar ro‘yxati haqidagi savolimga javob berarkan, u quyidagilarni aytdi:

O‘z-o‘zidan tushunarliki, hech kim xalqlarni ommaviy tarzda yo‘q qilish niyatida emasdi. Nemis qo‘mondonligi butun dunyo xalqlarining bolshevizmga qarshi salib yurishi’ga yo‘lboshchilik qilayotganini isbotlashga harakat qilayotgan edi .

 

Shu maqsadda Vermaxt tarkibida ruslardan, ukrainlardan, Kavkaz, O‘rta Osiyo xalqlaridan, polyaklardan va boshqalardan harbiy qismlar tuzilgan edi. Yana Kamoliddin Abdullayevning fikrini keltiraman:

Germaniya qurolli kuchlari tarkibida boshqa xalqlarning ko‘ngilli qo‘shilmalari tuzilishining geosiyosiy sabablari ham bor edi. Kavkaz, Volgabo‘yi va O‘rta Osiyoga kelganda, Gitlerning strategik maqsadi ularning yordamida betaraf Turkiyani o‘z tomoniga og‘dirib olish hamda Kavkaz va Yaqin Sharq nefti ustidan nazorat o‘rnatish edi. Turklarga Germaniya hamda SSSRning musulmon xalqlari o‘rtasida vositachi bo‘lish taklif qilingan edi.

O‘rta Osiyoga kelsak, bu borada nasist elitasi orasida yagona fikr yo‘q edi. Kimdir uni Reyx tarkibiga qo‘shib olishni taklif qilgan bo‘lsa, yana kimdir yarim mustaqil protektorat sifatida ko‘rardi. Urush avj pallasiga chiqib ketgach, bu masala unutilib ketdi. Lekin mahalliy xalqlarni butunlay qirib tashlash hech qachon real maqsad bo‘lmagan .

Eslatib o‘taman, hatto shak-shubhasiz dushman sanalgan xalq yahudiylarning ham taqdiri boshida mavhum bo‘lib turgan, dastlab ulardan ishchi kuchi sifatida foydalanilgan, yahudiylar masalasining uzil-kesil hal etilishi (Endl sung der Judenfrage) haqidagi qaror esa keyinroq qabul qilingan. Bir so‘z bilan aytganda, nasistlarda ham har xil rejalar tuzilganini va muhokama qilinganini unutmaslik kerak.

Kamchiliklar

Filmdagi Kichik Debora (Elena Orexova) syujet arkasi ishonarsiz chiqqan. Uning onasi qatliomdan qandaydir yo‘l bilan tirik qolganini, Mossad agenti shaxsiy qasosi uchun tashkilot resurslarini qanday jalb qilganini tushuna olmadim. Mazkur syujet chizig‘idagi bir qancha epizodlar ishonarsiz, notabiiy chiqqan.

Uning bobosi Hans (o‘rta yoshli obrazi Anton Korablyov, keksa obrazi Sergo Sutyagin) ham nega sevgisidan voz kechib, birdaniga fashistga aylanib ketdi, nega yorini tap tortmay o‘ldirib yubordi, umrining oxirida pushaymon bo‘ldimi, yo‘qmi bular tushunarsizligicha qolgan. Bu obrazlarni jonlantirgan aktyorlar ijrosi meni qoniqtirmadi ularning ko‘zlarida bu savollarga javoblar ham, shaxsiyatni ko‘rsatuvchi his-tuyg‘ular ham aks etmagan.

Ko‘zimga tashlangan yana bir klishe Musoqovning barcha filmlaridagi singari, bu yerda ham baqiroq ayollar va dovdir yoshlar bor.

Tarixiy detallarni, tafsilotlarni ochib berishda xatoliklar yuzaga kelgan. Masalan, 1939 yil Oqqo‘rg‘onidagi yozuvlar o‘sha paytning lotin alifbosida emas, 1993 yilda qabul qilingan yangi lotin alifbosida yozilgan. Yozuvni keltiraman:

I.V.Stalin nomli kolxoz

Toshkent oblasti

Oqqo rg on rayoni

1929 yil mayida Samarqand orfografik konferensiyasida tasdiqlanib, 1940 yil mayigacha amalda bo‘lgan yanalifda bu yozuv quyidagicha ko‘rinishda bo‘lishi lozim edi:

I.V. Stalin namli kolxөz

Taşkent oblasti

Aqqorƣan rayoni

Stalinning Molotov bilan suhbati chog‘ida bir necha kun muqaddam Berlindan qaytgan SSSR tashqi ishlar komissari vahima bilan Gitler yaqin orada Polshaga hujum qilishini aytadi. Vaholanki Reyx Polshaga hujum qilishini Kreml oldindan bilar va bu ishda unga sherik edi. Polshaning Litva va Chexiya bilan hududiy ixtiloflari bunga bahona qilib ko‘rsatilgandi.

Molotovning Berlinga safari va Ribbentrop bilan uchrashuvi chog‘ida, 1939 yil 23 avgustda imzolangan Germaniya va Sovet Ittifoqi o‘rtasidagi hujum qilmaslik to‘g‘risidagi kelishuv (Molotov-Ribbentrop pakti) ga maxfiy qo‘shimcha bayonnoma ilova qilingan edi. Ushbu bayonnomada Polshaning taqdiriga ham to‘xtalib o‘tilgan edi. G‘arbiy Yevropa davlatlarining do‘sti bo‘la turib ikki totalitar diktatura orasida qolib ketgan Polsha bo‘lib olinishi kerak edi. Pakt imzolanganidan bir hafta o‘tib, shu yilning 1 sentyabrida Vermaxt qo‘shilmalari Polshaning Dansig erkin shahriga bostirib kirdi. O‘sha kuniyoq Germaniyaning satteliti Slovakiya Polshaga 50 ming kishilik qo‘shinini kiritdi. 17 sentyabr kuni SSSR qo‘shinlari Polsha yerlariga qadam qo‘ydi. Mamlakat bu ikki davlat o‘rtasida bo‘lib olindi. Shuningdek, Vilnyus Litvaga topshirildi. Shunday qilib, Ikkinchi jahon urushining boshlanishiga bir nechta davlatning Polshaga bostirib kirishi sabab bo‘ldi, agressorlar orasida SSSR ham bor edi.

Tarixchilarning ta’kidlashicha, aslida G‘arb davlatlari Ikkinchi jahon urushi madaniyatli insoniyatning bolshevizmga qarshi kurashi bo‘ladi deb hisoblab, shunga yarasha tayyorgarlik olib borgan va shu bois Germaniyaga yon berib kelgan edi. SSSR tepasiga Lenindan so‘ng ehtiyotkor Stalin emas, romantik Troskiy kelganida edi, u albatta Yevropa davlatlariga qarshi urush ochgan, shunda Ikkinchi jahon urushi rostan Yevropaning SSSRga qarshi kurashiga aylangan bo‘lardi. Lekin Uchinchi Reyxning rejalari yanada vahshiyroq bo‘lgani bois xalqaro siyosatdagi kuch muvozanati o‘zgarib ketdi.

Filmning yakuniy epizod juda yaxshi chiqqan, biroq bunday katta bayonni boshqacharoq tugasa ham bo‘lardi. Zero film boshi va oxiri bor tugal hikoya emas, balki xotira quroqlaridir. Uning asosiy qahramoni esa odamlar emas, shu odamlar hayotini belgilab bergan mudhish urushdir. Shu bois ko‘rsatilgan epizod hikoyani tugatib bermaydi, aksincha, hayot davom etishini ko‘rsatadi.

Xulosa o‘rnida

Berlin Oqqo‘rg‘on ning umumiy byudjeti 2 441 580 000 so‘mni (bugungi kursda 293 ming dollarni) tashkil qiladi. Bu pulga, keng miqyosli to‘liq metrajli filmdan tashqari, besh qismli serial ham olingan u film prokatidan so‘ng namoyish etiladi. Serialga hozircha baho bera olmaymiz, film esa har bir so‘mni oqlaydi. Barcha kinoijodkorlardan mablag‘dan mana shunday samarali foydalanishni hamda byudjet masalasida ochiqlikni so‘rab qolamiz.

Darvoqe, Berlin Oqqo‘rg‘on ning yana bir jihati borki, uni yutuqlar bo‘limidan ajratib, oxiriga olib qo‘ydim. Filmning saund-treklari mukammal tanlangan bo‘lib, e’tirozga va raqobatga o‘rin qoldirmaydi. Turli tildagi, turli madaniyat va xalqlarga oid kompozisiyalar nihoyatda buyuk did bilan saralab olingan va mahorat bilan u yoki bu qahramonlarga, voqealarga, syujet arkalariga bog‘lab qo‘yilganki, ularni tinglab to‘ymaysan. Ayniqsa titrlarda yangragan qo‘shiq dilni eritib yuboradi. Filmning o‘zidan tashqari uning saund-treklari ham alohida to‘plam qilib chiqarilsa, shak-shubhasiz xitga aylanadi. Qo‘shiqlar har xil tillarda aytilishi, turfa madaniyatlarga mansubligi esa kartinaning bosh g‘oyasini insoniylikni va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni o‘zida aks ettiradi.

Eldar Assanov

Manba: daryo.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!

Millioner! Husanov “Siti”da jami qancha maosh oladi?

Франциянинг L’Équipe спорт нашри Англия Премьер-лигасидаги энг юқори маош олувчи 5 нафар футболчидан иборат рейтингни эълон қилди.

Evropa Ukrainadan voz kechib, Rossiya bilan hamkorlik qilishga harakat qilmoqda

Бу ҳақда Германиянинг Berliner Zeitung газетаси хабар берди

JCH-2026ni o‘tkazib yuboradigan eng qimmat futbolchilar reytingi tuzildi

Transfermarkt мутахассислари ўзига хос рейтингини эълон қилишди.

Eron: "Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi tajovuzkor AQShning USS Abraham Lincoln aviatashuvchi kemasiga zarba berdi"

Бу ҳақда Эрон Ислом инқилоби қўриқчилари корпуси матбуот хизмати маълум қилди.

Trampning bosimi ostida qolgan Saudiya Arabistoni shahzodasi Putin bilan suhbatlashdi

Бу ҳақда Россия ОАВлари Кремль матбуот хизматига таяниб хабар бермоқда.

AQSh va Isroil Eronga gumanitar yordam olib ketayotgan samolyotni urib tushirdi

Бу ҳақда Эрон фуқаролик авиацияси ташкилоти баёнот берди.

Hormuz bo‘g‘ozida Amerika qiruvchi samolyoti urib tushirildi

Бу ҳақда ISNA агентлиги Эрон Ислом инқилоби қўриқчилари корпусига таяниб хабар берди.

Pep Gvardiola Yevropaning grand terma jamoasini qabul qilib olishi mumkin

Италия терма жамоаси навбатдаги бор Жаҳон чемпионатидан қуруқ қолганидан сўнг янги мураббий тайинлашга тайёргарлик кўрмоқда.

Misr kemasi Rossiyaning "Arktik Metagaz" gaz tashuvchisini tortib olayotgani xabar qilindi

Ливия Фавқулодда вазиятлар қўмитаси маълумотига кўра, кема ҳозирда қирғоқдан 62 мил узоқликда жойлашган.

Mirshaymerning keskin bayonoti: «Tramp va Netanyaxu Nyurnbergda osilgan bo‘lar edi»

Агар Нюрнберг суд жараёнлари бугун ўтказилганида, АҚШ президенти Дональд Трамп ва Исроил бош вазири Биньямин Нетаньяху қатл этилган бўлар эди.

Eronda bir baqqol do‘koni oynasida shunday yozuv ilgan:

«Бу хаёлий маҳсулот эмас. Агар эҳтиёжинг бўлса, ол — урушдан кейин тўлайсан.»

Qadr kechasi qaysi kunga to‘g‘ri keladi?

Рамазон ойининг охирги 10 кунлиги бошланди.

Eronda 19 yoshli sportchi dorga osib qatl etildi

19 ёшли Солиҳ Муҳаммадий — Эрон ёшлар терма жамоаси аъзоси ва 2024 йил халқаро мусобақалар совриндори — яна икки йигит билан бирга дорга осиб қатл этилди.

Erling Xoland o‘ziga yangi jamoa tanladi

Бу ҳақда Football365 портали журналистлари хабар бермоқда.

Eron musulmon davlatlariga chaqiriq bilan chiqdi

Эрон Олий Миллий Хавфсизлик Кенгаши котиби Али Ларижоний АҚШ ва Исроил ҳужуми бошланганидан бери ҳеч бир мусулмон давлати Эронга ёрдам бермаганини айтди.

Erondan Isroilga raketalar to‘lqini otildi

Бу ҳақда Исроил армияси матбуот котиби маълум қилди.

O‘zbekiston taklifni qabul qilmagan mashhur murabbiy mundialga boshqa termani olib boradi

Ўтган йили Ўзбекистон миллий терма жамоаси бошқаришга таклиф этилган машҳур немис мутахассиси Йоахим Лёв барибир жаҳон чемпионатига бориш имкониятига эга бўлди.

Tramp Eron tomonidan urib tushirilgan samolyot haqida fikr bildirdi

Бу ҳақда NBC News нашри хабар бермоқда.

Buyuk Britaniyada 14 million dollarlik lotereya yutib olgan shaxs yutuqlarini qo‘lga kirita olmadi

Бу ҳақда ўйинни ўтказган миллий лотерея оператори Allwyn хабар берди.

Eron tomonidan urib tushirilgan AQSh F-15 samolyotining ekipaj a’zolaridan biri qutqarib olindi

Бу ҳақда CBS News америкалик расмийларга таяниб хабар берди.

Бу можаро бошланганидан буён тўртинчиси

АҚШда 2020 йилда ҳалок бўлган генерал Қосим Сулаймонийнинг қариндошлари — жияни ва унинг қизи ҳибсга олингани хабар қилинди.

AQSh Eron bilan urushda 13 harbiy xizmatchidan ayrilgan, 365 nafari esa yaralangan

Пентагон маълумотига кўра, Эронга қарши ҳарбий ҳаракатларда энг кўп талафотни қуруқлик қўшинлари берган.

Germaniyadagi qonun o‘zgarishi Ukrainacha safarbarlikka olib kelishi mumkin

Германияда ҳарбий хизматга оид қонунга киритилган ўзгаришлар жамиятда баҳс-мунозараларга сабаб бўлмоқда.

Donald Tramp Eronga 48 soat berdi: “shundan so‘ng do‘zaxni ochamiz”

АҚШ президенти Дональд Трамп Эронга Яқин Шарқ келишуви бўйича АҚШ шартларини қабул қилиш учун 48 соат муддат берганини маълум қилди.

Venada Rossiyaga qarshi sanksiyalarga qarshi miting o‘tdi

Намойишда бир неча юз киши иштирок этган.

Donald Tramp Eron operasiyasi tufayli qiyin vaziyatga tushdi

Истеъфодаги америкалик дипломат Жим Жатраснинг фикрича, АҚШ президенти Дональд Трамп Эронга қарши операция сабаб мураккаб сиёсий вазиятда қолган.

Germaniyada niqobli shaxs poyezd yo‘lovchilariga hujum qildi

Йўловчилардан бири ҳужумчини ҳожатхонага қамаб қўйишга муваффақ бўлган. Полиция жиноятчини Бонн/Зигбург вокзалида қўлга олди.

Rossiyada yo‘lovchi poyezdining yettita vagoni relsdan chiqib ketdi

Челябинск вилояти губернатори Алексей Текслернинг аниқлик киритишича, икки йўловчи оғир тан жароҳати олган, яна 20 киши ҳам енгил жароҳатланган.

"Abadiyat belgilar: Ramzlarda turkiy olam” hujjatli filmi e’lon qilindi (VIDEO)

Фильм Туркий маданият ва мерос жамғармаси томонидан ишлаб чиқарилган бўлиб, энди TurkDiscovery YouTube платформасида томоша қилиш учун тақдим этилди.

Toshkentda zilzila sodir bo‘ldi

Тожикистонда 10 км чуқурликда 5.5 магнитудали зилзила қайд этилди.

Marokash giyohvand moddalar karteliga tegishli yer osti tunneli Ispaniyada topildi

Операцияда 250 га яқин полиция ходими иштирок этди. Натижада 27 киши ҳибсга олинди, 17 тоннадан ортиқ гашиш ва 88 килограмм кокаин мусодара қилинди.

Donald Tramp Eronga yangi tahdid yubordi: “Kelishuvga erishmasangiz, hech narsa qolmaydi”

Бу таҳдид Трампнинг Truth Social аккаунтида эълон қилинди.

Donald Tramp ijtimoiy dasturlarni qisqartirish orqali harbiy xarajatlarni yirik miqdorda oshirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda — Bloomberg

Агентликнинг хабар беришича, АҚШнинг 2027 йилги бюджетида асосий эътибор мудофаа соҳасини кенг кўламда кучайтиришга қаратилади.

AQSh va Isroil havo hujumi Tehron yaqinidagi Karaj shahrida qurilayotgan B1 ko‘prigini qisman vayron qildi

Кўприк минтақани Эрон пойтахти билан боғлайдиган йирик автомагистралнинг бир қисми бўлиши режалаштирилган эди.

Xitoyda yangi xavfli virus tarqalmoqda

Хитойда илк бор ўта хавфли SAT1 туридаги вирус штамми аниқланди — касаллик Россиянинг чегара ҳудудларида тарқалмоқда.

Eron qat’iy ogohlantirdi: AQSh va Isroil taslim bo‘lmas ekan, urush to‘xtamaydi

Эрон расмийлари АҚШ ва Исроил ҳали таслим бўлмагани ҳолда, Теҳронда олиб борилаётган ҳарбий кампания тўхтамаслигини эълон қилди.

Ukraina terrorni eksport qila boshladi...

Яқинда Ҳиндистонда олти украиналик ва битта америкалик ҳибсга олинган эди.

Tehronda vayronagarchilik: 46 mingdan ortiq binoga zarar yetdi

АҚШ ва Исроилнинг 28 февралдан 2 апрелгача бўлган ҳаво ҳужумлари натижасида Теҳронда 46 437 та турар-жой ва тижорат бинолари зарар кўрди.

Donald Tramp va NATO o‘rtasida ziddiyat: respublikachilar qarshi chiqmoqda

АҚШдаги республикачи сиёсатчилар Дональд Трампнинг мамлакатни НАТОдан чиқариш эҳтимолига қарши чиқмоқда.