Ayol va erkak kishi avratining chegarasi

Ayol va erkak kishi avratining chegarasi

"Avrat" so‘zi lug‘atda urushda yoki chegarada xavf kelishi mumkin bo‘lgan bo‘shliq, ochiqlikni bildiradi. Shuningdek, arab tilida har qanday ayb va nuqson avrat deyiladi.

Shar’iy istilohda esa "Avrat - erkak yoki ayol kishi tanasining ochish harom bo‘lgan joyidir".

Xatib Shirbiyniy: "Avrat - nazar solish harom bo‘lgan narsadir", - deydi.

Hech bir din, ta’limot yoki tuzum avrat masalasiga Islom shariatichalik e’tibor qaratgan emas. Islomda erkak kishining avrati, ayol kishining avrati, avrat kimlarga nisbatan qay holatda qanchalik bo‘lishi va boshqa holatlar mufassal bayon qilingan. Islomda avrat ibodat va halol-harom masalasidir. Bunday nozik va muhim masalani ilohiy ta’limot tartibga solib bermasa, insonlarning o‘ziga qo‘yib berilsa, hech qanday chegara va hudud qolmaydi. Kimdir ba’zi a’zolarini ochib yurishni uyat deb bilsa, kimdir bu narsani madaniyat sanashi turgan gap. Natijada mutlaqo kiyimsiz yurishni o‘ziga ep ko‘radiganlar yuzaga kelishi ham mumkin. Buni hozirgi dunyo tajribasi ko‘rsatib turibdi. Holbuki, avrat masalasi insonni boshqa hayvonlardan ajratib turuvchi omillardan bo‘lib, bu inson uchun sharafdir.

Avrat va unga oid hukmlar ham har bir erkak va ayol bilishi lozim bo‘lgan ishlardandir. Har kim bu boradagi shar’iy hukmlarni  yaxshi o‘rganib, ularga ixlos bilan amal qilsa, o‘zining baxti, saodatidir. Kishilar hayotidagi ko‘pgina baxtsizliklar aynan avrat va unga bog‘liq masalalardagi beparvolik oqibatida sodir bo‘lishini ilm tasdiqlab, tajriba ta’kidlab kelmoqda. Musulmon bo‘lmagan olimlar ham hozirgi zamon erkaklarining eng katta baxtsizliklariga avratini berkitmay yuradigan ayollar sabab ekanini baralla aytmoqdalar.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh

"Mukammal saodat yo‘li" kitobidan.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!