Avstraliyada yo‘lovchi samolyoti xizmat avtomobili bilan to‘qnashuvdan arang qutulib qoldi
Avstraliya transport xavfsizligi byurosi (ATSB) Kvinslend shtatidagi Taunsvill aeroportida yo‘lovchi samolyoti va xizmat avtomobili o‘rtasida sodir bo‘lgan xavfli yaqinlashuv holati yuzasidan tekshiruv boshladi.
Bloomberg nashrining xabar berishicha, hodisa 7 oktyabr kuni ro‘y bergan.
Avstraliyaning Qantas aviakompaniyasiga qarashli Jetstar loukosteri Brisbendan Taunsvillga JQ908 reysini amalga oshirayotgan vaqtda xavfli vaziyat yuzaga kelgan.
Samolyot qo‘nishga yaqinlashayotgan paytda ekipaj uchish-qo‘nish yo‘lagiga chiqib kelayotgan xizmat avtomobilini payqagan.
Furgon yo‘lak chetida to‘xtagan, yo‘lovchi samolyoti esa uning ustidan bor-yo‘g‘i 50 fut (taxminan 15 metr) balandlikda uchib o‘tgan.
Shunga qaramay, samolyot xavfsiz qo‘nishga muvaffaq bo‘lgan. Shundan so‘ng xizmat avtomobili uchish-qo‘nish ylagini kesib o‘tgan.
Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Biroq Avstraliyaning transport xavfsizligi bo‘yicha mas’ul idorasi ushbu voqeani jiddiy aviasiya hodisasi sifatida tasniflagan.
Ayni paytda mutaxassislar samolyot va xizmat avtomobilining xavfli darajada yaqinlashishiga sabab bo‘lgan holatlarni o‘rganmoqda.
