Avstraliyada 30 yildagi eng yirik dasturni e’lon qilindi
Avstraliya bosh vaziri yahudiylarning bayrami paytida Sidneyda yuz bergan otishmadan so‘ng aholidan qurollarni qayta sotib olish bo‘yicha so‘nggi 30 yildagi eng yirik dasturni e’lon qildi.
Qayd etilishicha, dastur doirasida Avstraliya aholisidan ortiqcha, yaqinda taqiqlangan va noqonuniy qurollar sotib olinadi. Bosh vazir Entoni Albanezening so‘zlariga ko‘ra, bu qurolni qayta sotib olish kampaniyasi 1996 yildan beri eng yirigi bo‘ladi. O‘sha yili Jon Hovard hukumati davrida Port-Artur shahrida qurollangan shaxs turistlarga qarata o‘t ochgan, natijada 35 kishi halok bo‘lgan edi.
"Avstraliyada qurolga oid qonunlar oxirgi marta Port-Artur fojiasidan keyin jiddiy isloh qilingan. Sidneydagi plyajda yuz bergan dahshatli voqealar biz qurollarni ko‘chalardan olib tashlashimiz kerakligini ko‘rsatmoqda", — dedi Albaneze.
U, shuningdek, otishmada ishtirok etgan shaxslardan birining quroldan foydalanishga lisenziyasi bo‘lgani va u oltita qurolga egalik qilganini qo‘shimcha qildi. Albanezening aytishicha, hozir Avstraliyada to‘rt milliondan ortiq o‘qotar qurol bor bo‘lib, bu 30 yil avvalgidan ko‘p.
"Qurollarni qayta sotib olish dasturiga ketadigan xarajatlar federal hukumat va shtatlar o‘rtasida Shtatlar va hududlar topshirilgan qurollarni yig‘adi va kompensasiya to‘laydi, Avstraliya federal polisiyasi esa ularning yo‘q qilinishini nazorat qiladi", — dedi bosh vazir.
14 dekabr kuni Sidneydagi plyajda yahudiylar jamoasi Hanuka bayramining birinchi kunini nishonlayotgan paytda ikki kishi o‘t ochgan. Buning natijasida 15 kishi, jumladan bolalar ham halok bo‘lgan, 40 kishi yaralangan.
Polisiya ma’lumotiga ko‘ra, otishmani 50 yoshli erkak va uning 24 yoshli o‘g‘li — Sajid Akram va Navid Akram uyushtirgan. 1998 yilda Avstraliyaga kelib, keyinchalik doimiy yashash huquqini olgan Sajid Akram o‘q otish klubining a’zosi bo‘lgan va 2015 yildan buyon uzun stvolli qurolga egalik qilishga ruxsat beruvchi lisenziya olgan. Avstraliya rasmiylari ularning ISHID terrorchilik guruhi mafkurasi ta’sirida bo‘lganini gumon qilmoqda.
