Asakabankdan avtokreditga olingan “MALIBU 2” sotildi
Bugungi kunda insonlarning shaxsiy avtomashinaga bo‘lgan ehtiyoji kun sayin ortib bormoqda. Bunday hollarda avtokredit shartnomalari mijozlarning og‘irini yengil qilib, to‘lov usulini osonlashtirmoqda. Biroq, berilgan imtiyozlardan to‘g‘ri foydalanib, to‘lovlar o‘z vaqtida qaytarilmas ekan, olingan avtoulov egasiga buyurmasligi mumkin.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Bo‘ston tumanlararo sudining 23.04.2024 yildagi ijro varaqasiga ko‘ra, “Asakabank” AJ Andijon filialining foydasiga qarzdor J.N.dan 381,7 mln. so‘m undirish bilan birga undiruvni garovdagi qora “MALIBU 2” rusumli avtomashinaga qaratish belgilangan.
Byuroning Ulug‘nor tuman bo‘limi davlat ijrochisi qarzdorni ogohlantirgan. Biroq, shundan so‘ng ham avtokredit to‘lovlari to‘lanmagach, avtomashina xatlangan va savdoga chiqarilgan.
Ijro harakatlari davomida “MALIBU 2” avtomashinasi 337,2 mln. so‘mga sotildi va sotuvdan tushgan pul mablag‘lari undiruvchi bankka yo‘naltirildi.
Hozirda qarzdorlikning qolgan qismini undirish ishlari olib borilmoqda.