AQShda ICE’ga qarshi ommaviy norozilik to‘lqini boshlandi
AQShning Minneapolis shahri va boshqa shtatlarida Immigrasiya va bojxona nazorati xizmati (ICE)ga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari o‘tkazilmoqda. Bunga sabab — ICE reydi vaqtida AQSh fuqarosi Rene Nikol Gudning o‘ldirilishi bo‘ldi.
Minnesota va boshqa shtatlar aholisi ICE xodimlarining harakatlariga qarshi ko‘chalarga chiqdi. 37 yoshli Rene Nikol Gud joriy yil boshida Minneapolisda o‘tkazilgan reyd paytida otib o‘ldirilgan.
Juma kuni, 9 yanvarda, minglab odamlar Minneapolis ko‘chalariga «ICE out of MPLS» degan yozuvli plakatlar bilan chiqishdi. Norozilik aksiyalari, AQSh OAV ma’lumotlariga ko‘ra, ICE xodimlari joylashgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan kamida ikki mehmonxona oldida ham o‘tkazildi.
Minnesota jamoat xavfsizligi departamenti markaziy hududdagi mehmonxonalardan biri oldida noqonuniy to‘planishda ayblangan bir qator namoyishchilar qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Mahalliy hokimiyat noroziliklar tartibsizliklarga aylanib, mulkka zarar yetkazilganini bildirdi.
Amerika OAVlari xabar berishicha, dam olish kunlari mamlakat bo‘ylab «ICE Out for Good» shiori ostida yuzlab yangi norozilik aksiyalari rejalashtirilgan. Aksiyalarga inson huquqlarini himoya qiluvchi va migrantlar tashkilotlari, jumladan, Amerika fuqarolik erkinliklarini himoya qilish ittifoqi (ACLU), MoveOn va Voto Latino da’vat qilgan.
Tashkilotchilarning ta’kidlashicha, aksiyalar tinch xarakterga ega bo‘lib, immigrasiya idoralari tomonidan qo‘llanilayotgan zo‘ravonlikka, shuningdek ICE reydlarining jamoalar va maktablarda o‘tkazilishiga qarshi qaratilgan.
9 yanvar kuni ICE xodimining mobil telefoniga yozib olingan video tarqaldi. Unda Rene Gud agentga xotirjamlik bilan undan g‘azablanmayotganini aytgani, shundan so‘ng o‘q uzilgani aks etgan.
OAVlarga ko‘ra, ushbu kadrlar AQSh federal hokimiyati taqdim etgan rasmiy versiyaga zid keladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp avvalroq ayol ICE xodimini mashina bilan qasddan urib ketishga uringanini aytgan edi. Biroq Minneapolis meri Jeykob Frey bu bayonotni «bema’nilik» deb atab, videoyazuvlarga ishora qildi. U ICE’ni shaharda beqarorlik yaratayotganlikda ayblab, xizmat xodimlarini shaharni tark etishga chaqirdi.
AQSh Ichki xavfsizlik vazirligi rahbarining yordamchisi Trisha Maklaflin esa otishma ICE operasiyasiga zo‘ravonlik bilan to‘sqinlik qilishga uringan «tartibsizlik ishtirokchilari» sababli yuz berganini bildirdi.
Minnesota gubernatori Tim Uolz federal hokimiyat reaksiyasini «targ‘ibot» deb atab, «to‘liq, adolatli va tezkor tergov» o‘tkazilishini va’da qildi.
2025 yil oxiridan beri AQSh hukumati noqonuniy migrantlarni qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli operasiyalar o‘tkazmoqda. Dekabr oyida shunday reydlardan birida 400 nafardan ortiq kishi ushlangan.
Iyun oyida San-Fransiskoda o‘tkazilgan ICE reydlari ham ommaviy noroziliklar va tartibsizliklarga sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng AQSh prezidenti Kaliforniyaga Milliy gvardiya va dengiz piyodalari bo‘linmalarini yuborgan, bu esa shtat rahbariyatining qarshiligiga uchragan.
