AQSH: Rossiya va Xitoyni tiyib turish uchun yadroviy siyosatni qayta ko‘rib chiqmoqda
AQSh Mudofaa vazirligi yuqori darajadagi rasmiysi Robert Kadlek Kongressdagi eshituvda Vashington birinchi marta bir vaqtning o‘zida ikki yadroviy qudrat — Rossiya va Xitoyga qarshi tiyib turish siyosati olib borishga majbur bo‘layotganini aytdi.
Uning ta’kidlashicha, bu mamlakatlar alohida ham, birgalikda ham AQSh uchun strategik tahdid hisoblanadi. Shuningdek, AQSh harbiy ssenariylarda bir frontda mojaro yuz bersa, ikkinchi davlat bu vaziyatdan foydalanishi mumkinligidan xavotirda ekani aytildi.
Kadlek Rossiyani yirik yadroviy arsenalga ega va yadroviy qurolni mintaqaviy bosim vositasi sifatida ko‘radigan davlat sifatida ta’riflagan. Xitoy esa tezkor ravishda yadroviy salohiyatni kengaytirib borayotgan va uzoq masofaga zarba bera oladigan tizimlarga katta sarmoya kiritayotgan davlat sifatida baholandi.
AQSh harbiylari, shuningdek, yadroviy uchlik tizimini (quruqlik, havo va dengiz komponentlari) modernizasiya qilishni davom ettirishni va taktik yadroviy qurollar rivojini tezlashtirishni rejalashtirmoqda.
Maqsad sifatida esa bu qurollar ehtimoliy mintaqaviy mojarolarda tiyib turish vositasi sifatida qo‘llanilishi mumkinligi aytilmoqda.
AQShda shu yo‘nalishdagi dasturlar uchun milliardlab dollar ajratish muhokama qilinmoqda, bu esa Vashingtonning yadroviy siyosatni yangi geosiyosiy reallikka moslashtirayotganini ko‘rsatadi.
