AQSh «Oltin gumbaz»i uchun 70 tadan ortiq raketa kuzatuvchi sotib oladi
AQSh prezidenti Donald Trampning «Oltin gumbaz» raketaga qarshi mudofaa (RQM) loyihasini amalga oshirish doirasida raketalarni kuzatuvchi sun’iy yo‘ldoshlar uchun 3,5 milliard dollar ajratildi. Kosmik ishlanmalar agentligi 72 ta qurilmani yetkazib berish bo‘yicha to‘rtta mudofaa kompaniyasi bilan shartnoma imzolagan. Ushbu kosmik apparatlar raketalarni kuzatib boradi va ular haqida oldindan ogohlantiruvchi vazifasini o‘taydi.
Bloomberg bunday buyurtmalarning uchinchi transhi haqidagi e’longa tayanib, AQSh Kosmik ishlanmalar agentligi «Oltin gumbaz» loyihasi uchun sun’iy yo‘ldoshlar yetkazib beruvchi to‘rtta mudofaa kompaniyasi bilan kelishuvga erishganini xabar qildi.
Taxminan 72 ta sun’iy yo‘ldoshni yetkazib berish bo‘yicha shartnomalarni Lockheed Martin, Northrop Grumman, L3Harris Technologies harbiy-sanoat kompaniyalari hamda xususiy ishlab chiqaruvchi Rocket Lab USA qo‘lga kiritdi.
Unga ko‘ra:
- Lockheed Martin— 1,1 milliard dollarlik;
- L3Harris Technologies— 843 million dollarlik;
- Rocket Lab— 805 million dollarlik;
- Northrop Grumman— 764 million dollarlik shartnoma imzoladi. Ularning har biri 18 tadan sun’iy yo‘ldosh yetkazib beradi.
Nashrning aniqlik kiritishicha, ushbu apparatlar raketalarni kuzatish va xavf haqida ogohlantirish orqali AQShning ehtimoliy tahdidlarni aniqlash qobiliyatini oshiradi.
Ma’lumot uchun, «Oltin gumbaz» AQShni tashqi hujumlardan himoya qilish uchun ko‘p bosqichli RQM arxitekturasini nazarda tutadi. Tizim raketa uchirilishini real vaqt rejimida aniqlaydigan kuzatuv va tanish sun’iy yo‘ldoshlari guruhidan iborat bo‘lib, u raketalarni parvozning barcha bosqichlarida tutib oladi. Loyihani 2029 yil yanvarida ishga tushirish rejalashtirilgan. Trampning ta’kidlashicha, maqsad — Xitoy va Rossiyadan kelayotgan tahdidlarga qarshi turishdir.
Noyabr oyi oxirida Reuters manbalarga tayanib, loyihani amalga oshirishda kechikishlar bo‘layotgani haqida xabar bergan edi. Bunga 43 kunlik «shatdaun» (hukumat ishining to‘xtab qolishi) sabab bo‘lib, u xodimlarni ishga yollash va dastur ijrosini sekinlashtirgan. Shuningdek, yozda loyiha uchun ajratilgan dastlabki 25 milliard dollarni sarflash bo‘yicha aniq rejaning yo‘qligi ham xalaqit bergan.
19 dekabr kuni ma’lum bo‘lishicha, Tramp AQSh maxsus xizmatlari va Pentagonga «Oltin gumbaz» dasturiga muvofiq raketaga qarshi mudofaa texnologiyalarini namoyish etishni buyuruvchi farmonni imzolagan.
