Maduro Venesuela o‘z suverenitetini himoya qilishga tayyorligini e’lon qildi
Venesuela tinchlikka intilishini yana bir bor tasdiqlaydi, lekin uning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishga tayyor.
Bu haqda Bolivar Respublikasi prezidenti Nikolas Maduroning Lotin Amerikasi va Karib havzasi davlatlari, shuningdek, BMTga a’zo barcha davlatlar rahbarlariga yo‘llagan maktubida aytiladi. Hujjatni tashqi ishlar vaziri Ivan Xil Pinto Venezolana de Televisión telekanalida o‘qib eshittirdi.
"Venesuela tinchlikka intilishini yana bir bor tasdiqlaydi, lekin ayni paytda o‘z suvereniteti, hududiy yaxlitligi va resurslarini qonunga muvofiq himoya qilishga tayyor ekanligini aniq ta’kidlaydi”, — deyiladi maktubda.
Maduro AQShning Venesuelaga bosimiga to‘xtalib, AQSh kuchlari Karib dengizi va Tinch okeanining sharqiy qismida tinch aholi kemalariga 28 marta hujum uyushtirganini, natijada “104 kishi sudsiz qatl etilganini” ta’kidladi. Prezidentning ta’kidlashicha, Venesuela AQShning harbiy bosimini oqlaydigan hech qanday xatti-harakat qilmagan.
10 dekabr kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuela neftini olib ketayotgan sanksiyadagi neft tankeri qo‘lga olinganini e’lon qilib, Qo‘shma Shtatlar neftni saqlab qolishni rejalashtirayotganini ta’kidladi.
20 dekabr kuni AQSh Panama bayrog‘i ostida suzib yurgan va Xitoy neftni qayta ishlash zavodlariga yoqilg‘i yetkazib berayotgan xitoylik neft treyderi uchun yuk olib ketayotgan Centuries tankerining tutib olinganini tasdiqladi. Kema AQSh sanksiyalariga tobe emas. 21 dekabr kuni Bloomberg agentligi Panama bayrog‘i ostida Venesuelaga suzib ketayotgan Bella 1 tankeri qo‘lga olingani haqida xabar berdi. The New York Times gazetasining yozishicha, AQSh hukumati Bella 1ni hibsga olish uchun order olgan, chunki kema avvalroq Eron neftini tashish bilan shug‘ullangan bo‘lishi mumkin.
