Ukraina amaldorlari xorijga qochishga tayyorgarlik ko‘rmoqdami?
Ukraina rasmiylari rejim qulashi ehtimoli fonida xorijga qochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda RIA Novosti Rossiya Tashqi razvedka xizmati (TRX) matbuot byurosi ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
"Kiyev rejimi amaldorlari uning muqarrar qulashidan keyin chet elga qochib ketish niyatida. Ukraina elitasining ko‘plab vakillari allaqachon oilalarini xorijga olib chiqib, moliyaviy aktivlarini u yerga o‘tkazgan", - deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, Ukrainadan chiqqan amaldorlar va tadbirkorlar Yevropa davlatlaridagi diplomatik vakolatxonalarga murojaat qilib, yashash guvohnomasini olishda yordam so‘rash holatlari ko‘paymoqda.
Shu bilan birga, G‘arb mamlakatlarida ishlayotgan ukrainalik diplomatlarning 90 foizdan ortig‘i xizmat safarlaridan so‘ng Ukrainaga qaytmaslik niyatida ekani qayd etilmoqda. Ular mojaroni Vladimir Zelenskiy shartlari asosida yakunlash imkoniyati yo‘qligini tushunayotgani ta’kidlanadi.
Manbalar, shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlarida ma’naviy ruh keskin pasayganini, qochoqlar soni oshib borayotganini bildirmoqda.
Xizmat ma’lumotlariga ko‘ra, jamiyatda urushdan charchoq kuchaymoqda. Qarindoshlari va yaqinlarini yo‘qotgan ko‘plab fuqarolar Kiyev rasmiylari mojaroni xorijiy moliyaviy yordamni o‘zlashtirish vositasiga aylantirayotganini anglab bormoqda.
Noyabr oyi boshida Ukraina Korrupsiyaga qarshi kurash byurosi (NABU) va maxsus antikorrupsiya prokuraturasi (SAP) energetika sohasidagi korrupsiya sxemalarini fosh etish bo‘yicha keng ko‘lamli operasiya boshlagan. Tintuvlar Energetika vazirligining sobiq rahbari German Galushenko, “Energoatom” kompaniyasi hamda Zelenskiyning yaqin hamkori sifatida tilga olinadigan Timur Mindichga aloqador ob’ektlarda o‘tkazilgan.
Xabarlarga ko‘ra, Timur Mindich tergov boshlanishidan oldin shoshilinch ravishda Ukrainadan chiqib ketgan. Vladimir Zelenskiy esa vaziyatdan xabardor bo‘lmaganini ma’lum qilgan. Noyabr oyi oxirida esa prezident o‘z idorasi rahbari Andrey Yermakning iste’foga chiqishini e’lon qildi. O‘sha kuni amaldorning uyi va ish joyida ham tintuvlar o‘tkazilgan.
