AQSh Adliya vazirligi beshta telekanalga nisbatan monopoliyaga qarshi tergov boshladi
AQSh Adliya vazirligi ABC, CBS, CNN, NBC va Fox News telekanallariga nisbatan tekshiruv boshladi. Bunga telekanallarning Oq uy matbuot xizmati tashkil etadigan televizion pul orqali prezident Donald Tramp tadbirlarini vaqtincha yoritishdan birgalikda bosh tortgani sabab bo‘lgan.
«Tijoriy raqobatchilar o‘rtasidagi guruhli boykotlar Sherman qonunini buzishi mumkin. Adliya vazirligining monopoliyaga qarshi kurash bo‘limi ushbu axborot tashkilotlari qonunchilikni buzgan-buzmaganini aniqlamoqda», — dedi vazirlik vakili Emili Kovington.
Telekanallar 19 sentyabr kuni Oq uy CNN, MS NOW va Politico nashrlarining kirish ruxsatini bekor qilganidan so‘ng televizion pul faoliyatini to‘xtatgan edi. Ushbu nashrlar ma’muriyat ularni tahririyat siyosati uchun jazolaganini bildirib, sudga murojaat qildi.
24 sentyabr kuni federal sudya Timoti Kelli ularning akkreditasiyasini zudlik bilan tiklash haqida qaror chiqardi. Shundan keyin televizion pul o‘z faoliyatini odatiy tartibda davom ettirdi.
Televizion pul tizimi yirik Amerika telekanallariga prezidentning tadbirlarida navbatma-navbat ishtirok etish va olingan video hamda audio materiallarni boshqa ommaviy axborot vositalari bilan bo‘lishish imkonini beradi.
Endi Adliya vazirligi telekanallarning bu faoliyatni kelishilgan holda to‘xtatishi raqobatchilar o‘rtasidagi qonunga zid jamoaviy boykot sifatida baholanishi mumkinligini tekshirmoqda.
Tergov boshlangani e’lon qilingan paytda telekanallar mazkur ish yuzasidan batafsil izoh bermagan.
