“Aqlli qishloqlar”ni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy tajriba
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) mutaxassislari “aqlli qishloqlar”ni rivojlantirish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rgandi.
“Aqlli qishloqlar” konsepsiyasi nafaqat qishloqlarning raqamli transformasiyasi, balki ularning rivojlanishiga yangicha qarashni ham ifodalaydi.
Xitoyda “Aqlli qishloq Bayxu” loyihasi doirasida 80 dan ortiq turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini onlayn sotish yo‘lga qo‘yildi va 30 mingdan ortiq kishi kambag‘allikdan olib chiqildi.
Elektron tijorat kambag‘allikni bartaraf etishda muhim rol o‘ynadi. 20 000 dan ortiq sotuvchi “832 platformasi”ga (kambag‘al hududlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish uchun onlayn platforma) qo‘shildi. Bu 2022-yilda 13,6 milliard yuan daromad keltirdi (avvalgi yildagiga nisbatan 20 foiz ko‘p).
Ispaniyada COWOCAT Rural loyihasi doirasida yaratilgan kovorking maydonlari aholi sonining kamayishidan aziyat chekayotgan qishloq joylarida iqtisodiy o‘sishning drayveriga aylandi. Loyiha doirasida 18 dan ortiq kovorking maydoni va 130 nafardan ortiq mutaxassis tarmoqqa qo‘shildi. Bu esa qishloqlarda kuchli kovorkerlar hamjamiyatini shakllantirishga hissa qo‘shdi.
Loyiha Ispaniyadagi ikkita ta’lim muassasasida o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish orqali yoshlar o‘rtasida kovorking madaniyatini ommalashtirishga faol hissa qo‘shdi. Tortosa shahridagi Rovira-i-Virgili universitetida talabalar va o‘qituvchilarni ushbu konsepsiyaga jalb qilish uchun qishloq kovorking maydoni tashkil etildi.
Kongo Demokratik Respublikasida "Pamoja Net" loyihasi Idjvi oroliga internetga kirish imkonini berdi. Bu mahalliy biznes muhitini yaxshiladi, bu esa xalqaro xaridorlar bilan aloqa o‘rnatishga yordam berdi. Mahalliy korxonalarning qo‘llab-quvvatlashi va "Fjord" texnologiya kompaniyasi bilan hamkorlik tufayli 3900 nafardan ortiq kishi internetga ulanish imkoniga ega bo‘ldi. Keyinchalik, mahalliy korxonalar loyiha oylik operasion xarajatlarining 60 foizini moliyalashtirish uchun yangi imkoniyatlardan foydalandi.
Ozarbayjonda Agali aholi punktidagi “aqlli qishloq” qayta tiklanadigan energiya manbalari va raqamli texnologiyalardan foydalanish namunasiga aylandi. Aholi punkti energetik jihatdan mustaqil: energiya resurslariga bo‘lgan ehtiyoj quyosh energiyasi, shamol energiyasi va gidroelektr stansiyalari hisobiga ta’minlanadi. Agali qishlog‘idagi har bir bino tolali izolyasiya, elektrodli suv isitgichi, quyosh panellari va boshqa "yashil" texnologiyalar asosida jihozlangan.
O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligiga raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qishloqlar barqarorligi va unumdorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar ham faol amalga oshirilmoqda.
2023-yilda O‘zbekiston fermerlari FAOning “Kelajak avlodlar uchun aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihasi va dunyo bo‘ylab 1000 ta raqamli qishloqni yaratishga qaratilgan FAOning “Raqamli qishloqlar” tashabbusida ishtirok etdi. Tajriba loyihalarini amalga oshirish uchun Farg‘ona vodiysining Novkent va Yuksalish qishloqlari tanlab olindi.