Ana xolos! Xorazmlik erkak ishongan ayol firibgar ekan!

Ana xolos! Xorazmlik erkak ishongan ayol firibgar ekan!

Ammo bu maqol hammaga ham tegishli emas ekan. Bir necha bor odamlarni aldagani, firibgarlik qilgani, ishonchini suiiste’mol qilgani uchun xorazmlik Ra’no Qosimova (ism-sharif o‘zgartirilgan) kechirilgan bo‘lsa-da, yana shu ishni takrorlayverdi. U ushbu jinoyatni qasddan sodir etaverdi. Nazarida bu ishini hech kim bilmaydigandek tuyuldi.

Ammo xalqimizda “Buzoqning yugurgani somonxonagacha”, degan naql bor. O‘zganing mulkini firibgarlik bilan qo‘lga kiritishga odatlanib qolgan fuqaro urganchlik B.Rahimovni ushbu tumandagi Yuqoribog‘ qishlog‘i hududida yangi qurib bitkazilgan ikkita hovli-joyning kadastr hujjatlarini uch oy ichida tayyorlab berishi mumkinligi, buning evaziga 8 million so‘m pul to‘lovi borligini aytib, uni aldagan. Pul evaziga bo‘lsa-da, ishni bitirib beraman degan ko‘makchi eshik qoqib turganidan quvongan yurtdoshimiz unga pulni qo‘shqo‘llab topshirgan.

Ammo aslida qo‘li hech qayerga yetmaydigan firibgar sodda insonni chuv tushirganidan quvonib, pullarni o‘z ehtiyoji uchun ishlatib yuborgan. 

Vaqt cho‘zilib ketayotgan bo‘lsa-da, o‘zini juda ishbilarmon qilib ko‘rsatgan firibgar ayol ushbu fuqaroning yana birorta ishi bo‘lsa, pulini olib yechim topib berishga ko‘ndirgan. Urganch tumanidagi Qorovul qishlog‘ida joylashgan ochiq yer maydonidan 30 millionga yer olib berishni va’da qilib, oldindan 3 million so‘m olgan. Ish cho‘zilib ketavergach, B.Rahimov ishongani firibgar ekanini anglab yetgan. 

Huquq-tartibot organlariga qilingan murojaatidan so‘ng, mazkur ish yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ammo firibgarlik yo‘li bilan pul olgan fuqaro bu ishlarni tan olmagan.

Ammo shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Asl aybdor firibgarlik qilgan ayolmi o‘zi? O‘z kasbini suiiste’mol qilgan mutaxassisdan ishini bitirib berishini so‘rab pul bergan fuqaroda ayb yo‘qmi? Agar va’da qilingan ishni bitirib berganida ham bu pora emasmidi? Nega o‘zi davlat idoralariga borib muammosini hal etmadi?

“Qars ikki qo‘ldan chiqadi”. Shunday ekan firibgarni qo‘llab-quvvatlayotgan, ko‘r-ko‘rona unga ishonib, yordam berayotganlarda ham ayb bor. Ular jinoyatning ildiz otishiga sabab bo‘lmoqda.

Ushbu masalaning e’tiborli tomoni shundaki, R. Qosimova hovli-joylarining kadastr hujjatlari to‘liq emasligi, rasmiylashtirish jarayoni cho‘zilishi, tayyorlanishi kerak bo‘lgan hujjatlar ko‘pligi, ushbu hujjatlarni tayyorlash uchun har bir hovli-joy uchun 5 million so‘mdan jami 10 million so‘m xarajati borligini aytgan.

Lekin B.Rahimov bu mutaxassis, “o‘z kasbining ustasi” bilan shu vaqtda 8 million so‘mga kelishgan. Agar ushbu belgilangan pullar davlat hisobiga tushishi kerak bo‘lganida, uni shuncha qisqartirish mumkin bo‘larmidi? Shu ma’lumotning o‘ziyoq bu ish shubhali ekanini anglatishi kerak emasmidi?

Surishtiruv jarayonida O‘zbekiston Respublikasi JPKning 95-moddasiga asosan baho berilib, firibgarning voqeani rad etib bergan ko‘rsatmalari muqarrar javobgarlikdan qutilish maqsadida qilingan sa’y-harakat deb baholandi. Tergovoldi tekshiruv davrida to‘plangan hujjatlar, yuzlashtirish bayonnomasi, yuzlashtirish tergov harakatlari yozib olingan DVD disk hamda boshqa ish materiallarida to‘plangan dalillar bilan isbotlangan deb hisoblandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2017 yil 11 oktyabrdagi “Firibgarlikka oid ishlar bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi 35-sonli qarorining 18-bandida, “Agar shaxsning qasdi o‘zganing mulkini ko‘p miqdorda egallashga yo‘naltirilgan bo‘lib, u aybdorga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra oxiriga yetkazilmagan bo‘lsa, qilmish haqiqatda talon-toroj qilingan mulk qiymatidan qat’iy nazar, qasd yo‘naltirilganligidan kelib chiqib, ko‘p miqdordagi firibgarlikka suiqasd sifatida kvalifikasiya qilinishi kerak” – deb belgilangan.

Sudlanuvchi Ra’no Qosimova takroran qasddan firibgarlik jinoyatini sodir etgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi “b” bandi hamda 25 va 168-moddasi 2-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topildi. 2 yil 3 oy ozodlikni cheklash jazosi va 23 kun mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ochiqlikda o‘tkaziladigan cheklash davrida fuqaro muntazam nazoratda bo‘ladi.

Bu qaror ushbu fuqaroning kelgusida jinoyat sodir etmasligi, oilasi va farzandlari yonida bo‘lib, o‘z kamchiligini tuzatishi uchun bir imkoniyat tarzida qo‘llanildi.

Manba: uza.uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!