Alisher Uzoqov xorijga ketyapti. «Kim ekan?» shou dasturi to‘xtatiladimi?

Alisher Uzoqov xorijga ketyapti. «Kim ekan?» shou dasturi to‘xtatiladimi?

Ijtimoiy tarmoqlarda aktyor Alisher Uzoqovning xorijga ketayotgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi. Uzoqov boshlovchilik qilayotgan «Kim ekan?» shou-dasturi ham to‘xtatilayotgani ma’lum bo‘ldi. «Daryo» muxbiri Nargiza Murodova Alisher Uzoqov bilan suhbatlashib, uning chet elga nima sababdan ketayotganiga oydinlik kiritdi.

Xorijga ketyapman, ammo bu ko‘rsatuvning to‘xtatilishiga asosiy sabab emas. Ko‘rsatuv boshlanmasidan avval uni eng shirin joyida to‘xtatishni niyat qilgandik. Inson o‘z vaqtini to‘xtashni ham bilishi kerak. Tomoshabinlar yaxshi qabul qilyapti, deb soni uchun ishlansa, qarsak chalayotgan odamlarni ham bezdirib qo‘yish hech gap emas. Oldindan bir narsa deyolmayman, ammo safarlardan eson-omon qaytsam, balki keyinroq uning davomini suratga olarmiz, — deydi Alisher Uzoqov.

Alisher Uzoqov yaqin kunlarda suratga olinishi rejalashtirilayotgan «Jaloliddin Manguberdi» serialining ikkinchi mavsumida suratga tushadi, degan gap-so‘zlarga ham oydinlik kiritdi.

— Haqiqatan ham serialga taklif etildim. Lekin uni bu safar ham rad etdim. Yashirmayman, serialning birinchi mavsumida ham Turkiyaga borib, s’yomka boshlanmasidan avval O‘zbekistonga qaytib kelganman. Buning, albatta, o‘ziga xos sabablari bor. Yaqin kunlarda boshqa xorij davlatiga safar qilishni rejalashtiryapman. Asosiy maqsadim mediadan tashqari sohada ham o‘qib, o‘z imkoniyatlarimni sinab ko‘rmoqchiman, — deydi Alisher Uzoqov.

Agar loyiha rejissyori yoki prodyuseri «Kim ekan?» ko‘rsatuviga boshqa boshlovchi olishni istasa, buni Alisher Uzoqov qanday qabul qiladi?

— Xursand bo‘laman va bunga qarshilik qilmayman, — deya javob berdi aktyor va teleboshlovchi Alisher Uzoqov.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!