Aliment to‘lashdan bosh tortganlarga qanday chora ko‘riladi?

Aliment to‘lashdan bosh tortganlarga qanday chora ko‘riladi?

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan brifingda Majburiy ijro byurosi axborot xizmati rahbari Farrux Toshpo‘latov sohada amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi Qonuniga binoan Byuroning davlat ijrochilari tomonidan qarzdor va uning mol-mulki turgan joyi haqida ma’lumotlar bo‘lmaganda, ularni qidirish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi.

Bugungi kunda Majburiy ijro byurosi 3 ming nafardan ko‘proq qarzdorni qidirmoqda. Ularning mingdan ortig‘i chet elga chiqib ketgan.

Byuro organlari tomonidan amalga oshirilgan tezkor-qidiruv faoliyat natijasida joriy yilning o‘tgan davrida qarzdorligi tufayli 7 ming 800 dan ziyod jismoniy shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan bo‘lib, shundan 4 ming 500 nafardan ortig‘i topilib, majburiy ijro harakatlari o‘tkazilgan.

Hozirda 3 ming 264 nafar qarzdorni qidirib topish choralari ko‘rilmoqda. Aytish joizki, ushbu shaxslarning 2 ming 149 nafari respublika hududida yashirinib yurganligi, 1 ming 115 nafari esa chet elga turli maqsadlarda chiqib ketganligi aniqlangan.

Qidiruvdagi shaxslar topilishi natijasida qarzdorlardan 30 milliard 700 million so‘m, shu jumladan, 22 milliard 800 million so‘m aliment pullari undirilib, voyaga yetmagan farzandlarning moddiy ta’minot olishlari ta’minlangan.

Byuro organlarida sud hujjatlariga asosan farzandlarni onalari tarbiyasiga olib berish bilan bog‘liq ijro ishlari doim dolzarb bo‘lib kelgan. Hozirda 80 dan ortiq ijro ishlari bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan farzandlarning onalari qaramog‘iga olib berilishi bo‘yicha 57 ta ijro ishlari amalda tamomlandi. Qolgan ishlari bo‘yicha qidiruv harakatlari davom etmoqda.

Shuningdek, joriy yilda qidiruv e’lon qilingan 4 ming 222 ta avtotransport vositasining 3 ming 73 tasi, ya’ni 73 foizi tezkor tadbirlar natijasida topildi. Qolgan 1 ming 149 ta avtotransportni topish bo‘yicha qidiruv davom etmoqda. Qidirib topilgan 3 ming 73 tasi avtotransport vositasi undiruvga qaratilishi natijasida 40 milliard 500 million so‘mlik qarzdorlik undirilishi ta’minlangan.

Mutaxassisning qayd etishicha, aliment to‘lashdan bosh tortgan, unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan qarzdorlar topilsa, qarzdor chet eldan topilib, O‘zbekistonga olib kelingach, aliment qarzdorligini ixtiyoriy to‘lamagan taqdirda, dastlab unga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 474-moddasiga asosan 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi qo‘llaniladi. Shundan keyin ham karzdorlik to‘lanmagan taqdirda JKning 122-moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, javobgarlik masalasi hal qilinadi.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!