Alaq surasidagi “O‘qi!” so‘zidan nimani tushunamiz?

Alaq surasidagi “O‘qi!” so‘zidan nimani tushunamiz?

— "Islom tarixi" kitobining 1-juz, 403-varag‘ini o‘qiyotganimda bir savol tug‘ilib qoldi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Xiro g‘orida ibodatda bo‘lganlarida Jabroil alayhissalom ilk vahiy keltirganlarida "O‘qi!" deb ilk farmoni oliyni keltirganlar. U paytda qog‘oz bo‘lmagan bo‘lsa, o‘qishni ham bilmaganlar. “O‘qi!” deganda nimani tushunishimiz kerak?

—  Qur’oni Karimning birinchi oyatida eng ulkan mo‘’jiza, ma’naviy mo‘’jiza o‘z aksini topgandir. Bu so‘z «Iqro’» – «O‘qi!» so‘zidir. Ha, mana shu surai karima Qur’oni Karimning eng avval nozil bo‘lgan surasidir. Muhammad alayhissalom Xiro g‘orida o‘zlaricha ibodat qilib o‘tirganlarida, kunlardan bir kun Jabroil alayhissalom shu suraning avvalgi besh oyatini keltirganlar, qolgan oyatlarni esa keyinroq olib kelganlar.

Eng muhimi, birinchi so‘z «Iqro’» – «O‘qi»dan iborat bu xitob o‘qish-yozishni bilmaydigan, xalqdan chiqqan, savodni o‘rganmagan zotga bo‘lganidir. Mazkur xitob o‘qishga va ilmga da’vatdir hamda Islom o‘zining birinchi lahzalaridan boshlab ilm tarqatish, jaholatni yo‘qotish uchun kelganidan nishonadir.

Alaq surasi insonni alaqdan xalq qilgan, Akram sifatiga ega bo‘lgan, qalam bilan ta’lim bergan, insonga u bilmaganini bildirgan Robbi nomi ila o‘qishga amr qilishlar bilan boshlanadi.

Biz Qur’oni karimni o‘qiganimizda doim ham kitob yoki qog‘ozga qarab o‘qimaymiz. Demak, bu yerdagi gap Qur’on oyatlarini tilovat qilish ma’nosida. Yanada e’tibor qiladigan bo‘lsak, o‘sha payt Jabroil alayhissalom uch marta “O‘qi!” deb buyruq qilganlarida har gal Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Men o‘qishni bilmayman”, degan ma’noda javob qilganlar va oxiri Allohning vahiyi, Alaq surasining ilk oyatlarini O‘zining irodasi ila tilovat qilganlar. Vallohu a’lam!

Odinaxon Muhammad Sodiq


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!