Ahmadboy odamlarda unga nisbatan ishonch qanday paydo bo‘lganini so‘zlab berdi

Ahmadboy odamlarda unga nisbatan ishonch qanday paydo bo‘lganini so‘zlab berdi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Quyi Chirchiq tuman sudi binosida 12 fevral, chorshanba kuni, chinozlik Ahmadboy va uning sheriklariga nisbatan to‘rtinchi ochiq sud ishi hukmi e’lon qilindi.

«Daryo» muxbiri Mirolim Isajonovning xabar berishicha, Ahmadjon Tursunboyev sud jarayonida tushlik uchun ajratilgan vaqt ichida jurnalist va blogerlarni qiziqirgan turli savollarga oydinlik kiritdi.

OAV vakillarining «Moliyaviy piramida butun dunyoda mavjud. Siz g‘oyani kimdan olgansiz?», degan savoliga Ahmadboy shunday javob berdi:

«Menga hech kim o‘rgatmagan. Birovlar buni piramida, deyapti. Endi bitta narsani o‘ylang, siz agar biron bir tashkilot ochib, ishni vaqtida va joy-joyida olib borsangiz, fuqarolar sizga ishonadi. Agar boshidan birovni aldasangiz, sizga hech kim ishonmaydi. Odamlarda menga nisbatan ana shu ishonch bo‘lgan — vaqtida pullarini to‘laganman. Shu bois ular mablag‘lari, mashinalarini olib kelishni boshlagan,» — dedi Ahmadboy.

Sudlanuvchi qisqa intervyu davomida o‘zining eng katta xatosiga ham to‘xtalib o‘tdi.

«Men, avvalo, Xudoga ishonganman va tavakkal qilib ish boshlaganman. Ortimda qo‘llab-quvvatlaydigan tanishim bo‘lmagan. O‘shanda fuqarolar kelib, ‘Ahmad aka, bu ishingizga kim kafil?’, deb ko‘p so‘rardi. Men Allohga tavakkal qilib ishlagan bolaman.

Mening eng katta xatoyim — fuqarolar haddan tashqari ko‘payib ketganida. Bu ishga vaqtida nuqta qo‘yishim kerak edi. To‘xtatish uchun 2009—2010 yillarda yopishim lozim edi.

Qo‘l ostimdagilarning hammasi halol ishlagan va meni sotmagan. Chunki o‘zimning jiyanlarim, yaqinlarim birga ishlagan va maoshlarini vaqtida olgan.

Odamlarning haddan tashqari ko‘payib ketishi natijasida jinoyat ishi ochilgan. Dedi-dedi gaplar ham juda bolalab ketdi. Ko‘plar ko‘chada mening nomimni sotib, ish qilib yuborgan. Filial ochgan bolalar bor. Ularga mening umuman aloqam yo‘q», — dedi Ahmadboy.

Ahmadjon Tursunboyev jurnalistlarning «Ustingizdan ariza tushmagan bo‘lsa, jinoyat ishi ochilishidan norozi emasmisiz?», degan savolini quyidagicha izohladi: «Endi o‘sha paytda ishim to‘g‘ri kelmagandir. Balki, naqd aylanma pul qilganim uchundir. Naqd pul aylanmasi bo‘lgani bois, fuqarolar ham ko‘payib ketgan. Shuning hisobiga balki firmam yopilgandir».

Manba: daryo. uz


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!