500 dollar evaziga harbiyga ishga joylashtirmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

500 dollar evaziga harbiyga ishga joylashtirmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi

Surxondaryo viloyati Termiz shahri Guliston mahallasida yashovchi Tog‘ay Allayev (ism-shariflar o‘zgartirilgan) joriy yil yanvar oyida Qiziriq tumani Tinchlik mahallasida yashaydigan Chori Qo‘yliyevning o‘g‘li Sohib Qo‘yliyevni Mudofaa vazirligi tizimidagi harbiy qismlardan biriga shartnoma asosidagi xizmatga joylashtirib berishni va’da qiladi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Buning evaziga CH.Qo‘yliyevning 500 dollar pulini olib, juftakni rostlaydi. O‘g‘lining harbiy libos kiyishini olti oy intiqib kutgan ota ishi hal bo‘lavermagach, bu haqda huquq-tartibot idoralariga murojaat etadi.

Mazkur murojaatdan so‘ng oyoq-qo‘li chaqqon T.Allayevning boshqa sirlari ham fosh bo‘lib qoldi. U Termiz shahri Temir yo‘lchi mahallasida yashaydigan Xolis Diyorov hamda Termiz tumanidagi Chegara mahallasida yashovchi Surat Nodirov, degan yigitlarni Surxondaryo viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi huzuridagi chaqiriluvchilarni harbiy texnika mutaxassisliklari bo‘yicha tayyorlash markazida o‘qitib, haydovchilik guvohnomasi olib beraman, deb ularning sakkiz milliondan ortiq pulini olib, o‘zlashtirib ketgani aniqlandi.

Ayni paytda T.Allayevga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, 3-qismi “b”, “a” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.


Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!