3 mingdan ortiq o‘quvchilar bepul sog‘lomlashtirildi

3 mingdan ortiq o‘quvchilar bepul sog‘lomlashtirildi

Toshkent viloyatida joriy yil yoz mavsumida 34 ming 800 dan ziyod bolalar 179 oromgohda sog‘lomlashtirildi. Ularning qariyb 3 ming 700 nafari bepul va imtiyozli dam oldirildi.

Mavsumga kasaba uyushmalari, mahalliy hokimliklar, xo‘jalik organlari va homiylar hisobidan 6 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi.

Toshkent viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi tomonidan joriy yilgi sog‘lomlashtirish yakuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjumanda shu haqida ma’lum qilindi. Jamoat tashkilotlari, ichki ishlar, ta’lim, madaniyat va sport tizimlari mas’ullari, o‘qituvchi va murabbiylar, oromgohlar rahbarlari ishtirok etgan tadbirda mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama sog‘lom avlod bo‘lib ulg‘ayishi yo‘lida keng qamrovli ishlar amalga oshirilayotgani, bu jarayonda bolalarni yozgi dam oldirish va sog‘lomlashtirish ishlari muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Oromgohlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta’mirlash bo‘yicha manzilli dasturga muvofiq, 2018 yilda “Gulzor“ yangi oromgohi qurildi. “Humo“, “Kimyogar“ va “Mehrjon“ bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari ta’mirdan chiqarildi.

Mavsum mobaynida bolalarning qiziqishlaridan kelib chiqib, ekologik-biologik, o‘lkashunoslik, texnik ijodkorlik, badiiy ijod, harbiy-sport kabi 22 ta ixtisoslashgan oromgoh faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Oromgohlarda kutubxonalar, turli to‘garak va sport seksiyalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, bolalarning bilimini mustahkamlash va sport bilan shug‘ullanishi uchun 5 ming nafardan ortiq pedagog va sport murabbiylari oromgohlarda bo‘ldi. Shuningdek, bolalarning sog‘ligi va xavfsizligini ta’minlash maqsadida 390 tibbiyot xodimi va 300 dan ortiq ichki ishlar xodimlari faoliyat olib bordi.

Mavsumda eng namunali faoliyat ko‘rsatgan oromgohlar, xodimlar, xo‘jalik organlari, hokimliklar, hamkor idora va tashkilotlar “Eng namunali bolalar oromgohi” tanlovi hamda “Eng namunali kunduzgi bolalar oromgohi”, “Eng yaxshi oromgoh boshlig‘i”, “Eng mas’uliyatli tashkilotchi” kabi 13 nominasiya bo‘yicha rag‘batlantirildi.

Anjuman yakunida g‘oliblarga diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.   
Manba: uza.uz

Matnda xatolik topsangiz, o‘sha xatoni belgilab, bizga jo‘nating (Ctrl + Enter)

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!